Breaking News

Tramp: Men o'zimga prezidentlik afvini e'lon qila olaman


Prezident Donald Tramp
Prezident Donald Tramp

AQSh Prezidenti Donald Tramp davlat rahbari sifatida o'zini kechirish huquqiga ega ekanini e'lon qildi. U, shuningdek, "Twitter" orqali Rossiyaning 2016-yilgi saylovga aralashganiga oid tergovni "mutlaqo konstitutsiyaga zid" deb atadi.

Prezident Tramp 500 kun oldin Oq uyga kelgandan beri odatdagi tartib va qoidalarni buzib turishi odatiy holga aylangan. Xususan, prezidentlik vakolatlari bo'yicha ham. Ammo o'zining xatolarini prezident sifatida kechira olishi haqidagi so'nggi da'vosi ko'pchilikning hayrat va noroziligiga sabab bo'ldi.

"Prezident o'zini kechira olmasa kerak. Sud bunga rozi bo'lmaydi. Agar prezident o'z xatosini kechiradigan bo'lsa, Kongress tomonidan impichmentga uchrashi mumkin", - deydi Jorjtaun universiteti professori Syuzan Lou Bloch.

Trampning advokatlari esa prezident da'vosini agressiv tarzda himoya qilishga tushib ketdi. Ularga ko'ra, davlat rahbari saylov kampaniyasiga oid surishtiruvlarni tugatish va hatto o'ziga afv e'lon qilish huquqiga ega.

Oq uyning kundalik matbuot anjumani ham kesin savol-javoblarga boy bo'ldi.

"Prezident o'zini qonundan yuqori deb biladimi?" - deya so'radi jurnalistlar.

"Albatta yo'q, lekin prezident hech qanday xato qilgani yo'q", - dedi matbuot kotibi Sara Xakabi Sanders.

"Savol u xato qilgani haqida emas. Konstitutsiya asoschilari davlat rahbari o'zini kechira oladigan tizim yaratganmi? Prezident shunga ishonadimi? Ya'ni, prezident qonundan yuqorimi?" - deya yana so'radi jurnalistlar.

"Shubhasiz, konstitutsiya qonunlarni belgilab bergan. Yana aytaman, prezident hech qanday noto'g'ri ish qilmagan va bunga ishonchimiz komil", - dedi Oq uy so'zlovchisi.

Tramp advokatlarining yanvar oyida maxsus tergovchiga yo'llagan va yaqinda oshkor bo'lgan maktubida yozilishicha, prezident Rossiya tergovi bo'yicha so'roqqa tutilishi mumkin emas va u tergovni boshqarayotgan FBR rahbarini ishdan olish orqali adliya yo'liga to'siq bo'lmagan. Chunki, deya da'vo qiladi ular, prezident tergovni to'xtatish bo'yicha cheklanmagan vakolatga ega.

Tramp bir yildan beri davom etayotgan tergovni "hech qachon tugamaydigan jodugar ovi" deb ataydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG