AQShda an’anaga ko’ra, hokimiyatdan ketayotgan siyosatchi odatda prezidentligining so’nggi kunlarida ayrim shaxslarga amnistiya e’lon qiladi. 20-yanvarda muddati tugayotgan Donald Tramp 15 kishini afv etishga farmon chiqardi. Ular orasida respublikachi ikki sobiq qonunchi ham bor.
Nyu-York shtatidan Kongressda xizmat qilgan Kris Kollins lavozimini suiiste’mol qilish ayblovi bilan 2 yilu 2 oyga qamalgan edi. Kollins Trampning prezidentlikka nomzodini qo’llab-quvvatlagan ilk kongressmen bo’lgan.
Kaliforniya shtatidan quyi palatada vakil bo’lgan Danken Xanter esa saylov jamg’armasidan pul o’g’irlab, oilasi ehtiyojlariga sarflagani uchun 11 oyga qamalgan edi.
Tramp Rossiyaning AQSh sayloviga aralashgani haqidagi da’volarni taftish qilish paytida javobgarlikka tortilgan yaqin odamlariga ham amnistiya e’lon qildi. Trampning 2016-yilgi saylov shtabida maslahatchilik qilgan Jorj Papadopulos, gollandiyalik huquqshunos Aleks van der Zvan shular jumlasidan.
Ularni afv etish orqali Tramp maxsus prokuror Robert Myullerning tergovini yana bir bor qoraladi.
Facebook Forum