Breaking News

Oq uy Parij bitimi kelajagi xususida bir qarorga kelgani yo'q


Tramp ma’muriyati iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimidan voz kechadimi? Ana shu savol atrof-muhit muhofazachilari va faollarini qiynamoqda. Seshanba kuni Italiyaning Milan shahrida o’tkazilgan forumda Yevropa rahbarlari, BMT sobiq bosh kotibi hamda AQSh sobiq prezidenti Barak Obama zaharli gazlar chiqimini yanada kamaytirish kerakligi xususida gapirdi.

Donald Tramp esa ana shu maqsadni ko’zlovchi Parij bitimidan chiqamiz, deb aytgan edi. Uning nazarida sanoatdagi faoliyatni cheklash AQSh iqtisodiyoti, ko’mir sanoatiga zarar keltirmoqda. Ammo kuni kecha Oq uyning bildirishicha, Tramp bu qarori ijrosini kechiktirishga ahd qildi.

Atmosferani eng ko’p zaharlayotgan davlatlar qatoriga Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini qo’shish mumkin. Agar Vashington bitimdan chiqsa, uning ijrosi keskin oqsaydi.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, shartnomani 195 mamlakat imzolagan.

"AQSh ham majburiyatlaridan voz kechmaydi degan umid bor", - deydi u.

Saylov kampaniyasi paytida Tramp iqtisodiy faoliyatning global iliqlashuvga aloqasi yo’q deb kelgan edi. Biroq Oq uyning seshanba kuni bildirishicha, prezident bir qarorga kelishdan oldin mutaxassislar bilan maslahatlashmoqchi.

"Yakuniy qaror Katta Yettilik majlisidan so’ng qabul qilinadi”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser.

Atrof-muhit muhofazasi himoyasiga turgan sobiq prezident Barak Obama ham Qo’shma Shtatlar to’g’ri yo’ldan boradi, deya umid qilmoqda.

"Sakkiz yillik prezidentligim paytida qilingan ishlar natijasida xususiy sektor kelajak toza energiyaniki ekanini anglab yetdi. Bu borada katta sarmoyalar qilinmoqda”, - dedi u.

BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annanning aytishicha, Qo’shma Shtatlar iqlim o’zgarishiga qarshi xalqaro jarayonlarni to’xtata olmaydi endi.

"AQSh ertaga bitimdan chiqsa ham to’rt yildan keyin yana unga qaytishga majbur bo’ladi. Chunki biznes ahli, xususiy sektor toza energiya yo’lidan ketishga qaror qilgan", - dedi Annan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG