Breaking News

Tramp vitse-prezidentlik uchun Mayk Pensni tanladi


Indiana gubernatori Mayk Pens
Indiana gubernatori Mayk Pens

Respublikachi nomzod Donald Tramp vitse-prezidentlik uchun yoniga kimni olishini rasman ma'lum qildi. Bir kun avval bu haqda "Twitter"da e'lon qoldirgan milliarder nomzod shanba, 16-iyul kuni matbuot anjumani o'tkazib, unda vitse-prezidentlik uchun o'z nomzodi qilib Indiana gubernatori Mayk Pensni tanlaganini ma'lum qildi. U Pensning Indiana gubernatori sifatida erishgan muvaffaqiyatlarini sanab, vitse-prezidentlik uchun u eng yaxshi nomzod ekanini aytdi.

Tramp ketidan sahnaga chiqib gapirgan Mayk Pens "Trampning vitse-prezidentlikka nomzod bo'lish taklifini qabul qilganini va Amerikani yana buyuk qilish uchun bor kuchi bilan ishlashini" ma'lum qildi.

Vitse-prezidentlik uchun yana ikki ehtimoliy nomzod nomi olg'a surilayotgan edi: Vakillar palatasining sobiq spikeri Nyut Gingrich va Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi.

Konservativ respublikachilar Trampning tanlovini iliq kutib oldi. Vakillar palatasi Spikeri Pol Rayn ham bu qarorni olqishlab, Pensni "konservativ qarashlarni ishonch bilan himoya qila oladigan" shaxs deb atadi.

"Pens an'anaviy konservativlar ovozini olishda Trampga yordam beradi", - dedi Brukings instituti tahlilchisi Jon Hudak.

Mayk Pens 2012-yildan beri Indianada gubernatorilik qiladi. Ungacha olti marta Vakillar palatasiga saylangan. U hukumatni kichraytirish tarafdori sifatida tanilgan.

Prezidentlik uchun demokrat nomzod Hillari Klinton saylov kampaniyasi Pensning vitse-prezidentlikka tanlanishi e'lon qilinishi bilan bayonot chiqarib, uni boylar uchun xizmat qiladigan iqtisodiy siyosat tarafdori, deb atadi.

Demokratlar, shuningdek, uni jamiyatni bo'luvchi shaxs sifatida ko'radi. Pens 2014-yil Indianada diniy erkinlikni himoya qiluvchi, lekin bir jinslilar huquqini poymol qiluvchi bahsli qonunga imzo chekkani uchun ham tanqid qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG