Tramp ma’muriyatining chegaradagi migrantlarni farzandlaridan ayirish siyosati mamlakat bo’ylab noroziliklarga uchradi. Shanba kuni qator shaharlarda namoyishlar o’tgan. Eng kattasi Vashingtonda Oq uy qarshisida bo’ldi.
Namoyishchilar “Oila bir bo’lishi kerak” degan shiorlar bilan chiqib, Tramp ma’muriyatidan noqonuniy migrantlarga nisbatan mutlaq toqatsizlik siyosatiga chek qo’yishni talab qildi. Bu siyosatga ko’ra, chegarani vizasiz kesib o’tganlarga qarshi endi jinoiy ish qo’zg’atiladi.
“Biz muhojirlar mamlakatimiz. Doim shunday bo’lganmiz. Endi esa bu yomon narsa bo’ldimi? Immigratsiya yomonmi? Shunday deb o’ylash odatiy holga aylanayotgani meni xavotirga solmoqda”, - deydi ogayolik namoyishchi.
Aprel oyida Oq uy qabul qilgan hozirgi siyosat natijasida 2500 dan ziyod migrant bola ota-onasidan ajratib qo’yildi. Jamoatchilik noroziligidan so’ng Prezident Tramp iyun oxirida oilalarni qovushtirishni buyurdi. Federal sudya hukumat bunday amaliyotga chek qo’yishi kerak degan qaror chiqardi.
Adliya vaziri Jeff Seshnsning aytishicha, Amerika janubi-g’arbiy chegarasida yuzaga kelgan vaziyat chegarani noqonuniy kesib o’tganlarni jazolashni taqozo etmoqda.
Ba’zi namoyishchilar siyosatchilar va rasmiylarni ularning o’zlari ham muhojirlar avlodi ekanini tan olishga da’vat etdi.
“Ularning ota-bobolari ham bu yurtga qayerdandir kelgan. Agar ular bu haqiqatni tan olishsa, masala bo’yicha fikrlari o’zgarishi mumkin”, - deydi nyu-yorklik Linda Marks Kats.
Namoyishlar Nyu-York, Vashington, Xyuston, Chikago, Los-Anjeles va boshqa shaharlarda bo’lib o’tdi.
Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko’ra, oilasidan ayrilgan migrant bolalarning 500 dan ziyodi ota-onasi bag’riga qaytdi, biroq 2047 nafari hali ham alohida saqlanmoqda.
Tramp ma’muriyati rasmiylari bolalar qayerda saqlanayotganidan xabardor ekanini aytmoqda, biroq advokatlar va faollar bu bayonotning haqiqatdan yiroq ekanini ta’kidlamoqda.
Facebook Forum