Prezident Trampning Amerikaning badavlat odamlaridan biri, Respublikachilar partiyasining homiysi Charlz Koxga Twitter orqali qilgan hujumi boy amerikaliklarning ichki siyosatga ta’sirini oshkor etmoqda.
Donorlarning Kolorado shtatida o’tgan majlisida Kox Trampning savdo siyosatini tanqid qildi.
“Proteksionizm to’siqlarga yetaklaydi, bu esa hammaga zarar”, - dedi u.
Vashington va Xitoy tariflar urushini olib borarkan, Tramp va Kox bu masalada qarama-qarshi pozitsiyada.
“Prezident va ma’muriyatining yana 15 a’zosi AQShga nisbatan adolatsiz savdo amaliyotlariga chek qo’yish tarafdori. Prezident bu yo’ldan qaytmaydi, Xitoyga bosim qo’yishda davom etadi”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.
Tramp-Kox ziddiyati badavlat donorlarning Amerika siyosatiga ta’sirini oydinlashtirmoqda. Respublikachilarning soliqlar va davlatning biznesga aralashuvini kamaytirish siyosatini qo’llab-quvvatlovchi Kox tarmog’iga kiruvchi tashkilotlar partiyaga salmoqli moddiy yordam berib turadi. Noyabrda bo’ladigan saylov uchun tarmoq 400 million dollargacha pul sarflamoqchi.
“Saylov bilan bog’liq xarajatlarning to’rtdan uch qismi eng katta homiylarning yuztaligidan tushadi”, - deydi “Xalq fuqarosi” tashkiloti prezidenti Robert Vaysmen.
Vaysmen va boshqa faollar nazarida, korporatsiyalar va aka-uka Deyvid va Charlz Koxlar kabi yirik tadbirkorlar o’z maqsadlariga erishish uchun Amerika saylovlariga haddan tashqari aralashmoqda.
AQShda saylovlar davlat tomonidan va xususiy hamyon hisobiga moliyalanadi. Oddiy fuqarolar, xususiy kompaniyalar, kasaba uyushmalar donor bo’lishi mumkin. Pulni nomzodga bevosita uzatish g’ayriqonuniy bo’lsa-da, donorlar nomzodning tashkilotiga 2700 dollargacha, siyosiy harakat qo’mitalariga esa cheksiz miqdorda xayriya berishi mumkin.
Agar nomzod saylovda g’alaba qilsa, homiylari siyosatiga qarshi ish ko’ra olmasligi mumkin, doim bo’lmasa-da, ularning ra’yiga qarab ishlashga to’g’ri keladi.
“Bitta saylovdan muvaffaqiyatli o’tib olgan nomzod keyingi saylov haqida qayg’ura boshlaydi. Buning uchun u birinchi saylovda yordam bergan yirik homiylar ko’nglini ovlashga kirishadi. Chunki ularni rozi qilmasa, keyingi saylovda homiy raqibini qo’llab-quvvatlashi mumkin”, - deydi Robert Vaysmen.
Bunday tizim Amerikada mutlaqo qonuniy. 2010-yilda Oliy sud qabul qilgan qarorga ko’ra, siyosiy so’z erkinligiga kelganda kompaniyalarning oddiy fuqarolar bilan huquqlari bir, demak, saylovda nomzodni moliyaviy tomondan qo’llab-quvvatlashda yoki unga qarshi pul sarflashda cheklovga o’rin yo’q.
Shundan beri yirik korporatsiyalar va badavlat shaxslarning saylovga moliyaviy ta’siri keskin kuchaydi.
Facebook Forum