Yangi ommaviy so'rovlarning ko'rsatishicha, milliarder nomzod Donald Tramp respublikachi nomzodlar orasidagi mavqeini yanada mustahkamlagan. Musulmonlarni vaqtincha AQShga kiritmaslik haqidagi bahsli gaplarni aytganidan so'ng uning obro'si respublikachi saylovchilar orasida yanada ortgani kuzatilgan.
Bugun "Vashington Post" gazetasi va "ABC" telekanali e'lon qilgan so'rovda Tramp 38 foiz tarafdor yig'gan. Kecha Monmaus universiteti taqdim etgan so'rov natijalarida Tramp ko'rsatkichi bundan ham yuqori, 41 foiz edi.
Parijdagi xurujlarda 130, Kaliforniyadagi otishmada esa 11 odam terrorchilar qo'lida halok bo'lgach, Tramp musulmonlarning AQShga kirishini taqiqlashga chaqirdi. So'rovlarning ko'rsatishicha, bu taklif respublikachilar tarafdori bo'lgan ko'plab amerikaliklarga ma'qul bo'lgan.
Oq uy, demokratlar va boshqa respublikachi nomzodlar, xususan xalqaro hamjamiyat Trampning bu taklifini Amerika qadriyatlariga zid, deya tanqid qildi.
Prezidentlik uchun nomzod tanlash jarayoni 1-fevral kuni Ayova shtatida boshlanadi. Shundan so'ng boshqa shtatlarda ham partiyaning ichki saylovlari bo'lib o'tadi. Sobiq Davlat kotibi Hillari Klinton Demokratlar partiyasidan asosiy nomzod bo'lishi kutilmoqda.
So'rovlarda Donald Trampdan so'ng ikkinchi o'rinni texaslik senator Ted Kruz egallagan.
Floridalik senator Marko Rubio hamda sobiq neyroxirurg Ben Karson uchinchi va to'rtinchi o'rinlarda.