Prezident Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin bugun ikki yarim soat yuzma-yuz muloqot qilgan, faqat tashqi ishlar vazirlari va tarjimonlar hamrohligida. Uchrashuv "Katta Yigirmalik"ning Gamburgda o'tayotgan sammiti doirasida o'tdi.
“Rossiya va AQSh orasida ijobiy o'zgarishlar bo'ladi degan umiddaman", - dedi Tramp suhbat boshida.
"Telefonda bir necha bor gaplashganmiz lekin jiddiy va chigal masalalarni hal etish uchun birga bo'tirib, ko'proq vaqt davomida mana shunday yuzma-yuz muloqot qilish kerak", - dedi Putin.
Suhbatning qolgan qismi yopiq eshiklar ortida kechdi.
Tramp jahon siyosatidagi yangi odam. Xayolidagi gapni ochiq aytib tanilgan. Putin esa Kremlda 17 yildan beri rahbarlik lavozimida. Bunday tarixiy muloqotlarga o'rganib ketgan. Oldingi prezident Barak Obama bilan til topisha olmagan Putin Tramp bilan kelishib ishlashga shay ekanini aytmoqda, lekin siyosatdonlar nazarida bugungi suhbat bilan yangi sahifa ochildi, deyish qiyin.
Oq uy va Kreml orasidagi rishtalarni nafaqat siyosat ahli, balki keng jamoatchilik yaqindan kuzatmoqda. Rossiya Tramp prezidentlikka saylangan jarayonga aralashgani, xususan, Amerika ovoz berish tizimiga kiber-xurujlar uyushtirganlikda gumon qilinib, federal tekshiruv ostida.
Kongress a'zolari Trampni bu borada Putin bilan ochiq gaplashishga undamoqda. Respublikachi kongressmen, Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Adam Kinzingerning aytishicha, prezident Rossiya rahbariga "bizning tizimni buzishga urina ko'rma" deya dag'dag'a qilishi kerak. Amerika qonunchilari fikricha, avtokrat Putin demokratiya nima ekanini bilmaydi, tushunmaydi va unga qarshi kurashda. Shunday ekan, Kremlning qora ishlariga toqat qilmaslik lozim, degan qarash Kongressda keng tarqalgan.
Kecha Polshada G'arb qadriyatlari haqida gapirgan Tramp Rossiyani Ukrainaga hujum qilganlikda, uning tinchligini buzib kelayotganlikda aybladi.
"Rossiyani nafaqat Ukrainani beqarorlashtirayotgan harakatlarni bas qilishga, balki Suriya va Erondagi g'anim hukumatlarga yordamni to'xtatishga chaqiramiz. Uning o'rniga mas'uliyatli davlatlar qatoriga qo'shilib, mushtarak dushmanlarga nisbatan birga chora ko'rishga undaymiz", - dedi Tramp.
Rossiya G'arb iddaolarini inkor etadi.
Bugungi uchrashuvda, deydi AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson, Prezident Tramp Prezident Putindan saylovga aralashuv haqida so'ragan. Rossiya rahbari uning hukumati Amerika ishlariga umuman aralashmaydi, deya aytgan.
"Qani isbot", - deya so'ragan Putin.
Tramp Meksika va Britaniya rahbarlari bilan ham uchrashgan. Gamburgda katta namoyishlar o'tmoqda. Namoyishchilar orasida Trampga qarshilar ham, uning tarafdorlari ham, shuningdek, "Katta Yigirmalik"ni qoralovchilar hamda iqlim kelajagi uchun chora ko'rishni talab qilayotganlar ham talay.
Germaniya hukumati Gamburgda 20 ming politsiyachini safarbar etgan. Namoyishchilar soni 8 ming ekani taxmin qilinmoqda. Shanba-yakshanba kunlari ularning soni 100 mingga chiqishi kutilmoqda.
Gamburg ko'chalarida chodirlarda tunayotganlar odamlarni ko'rasiz. Ular bu yerga sammitni to'xtatish uchun kelganini aytadi. Namoyishchilar axborot vositalaridan ham norozi. Jurnalistlar noxolis va xalq manfaati uchun xizmat qilmaydi, deydi ular.
Facebook Forum