Breaking News

Tramp-Putin uchrashuvi NATO va Estoniyaga foydami, zarar?


AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi ekani haqida saylov kampaniyasi paytidan beri aytib keladi. Dushanba kuni unda shunday imkoniyat bo’ladi. Tramp Vladimir Putin bilan til topisha oladimi?

Xalqaro hayot - 13-iyul, 2018-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00

Amerika rahbarining tanqidchilariga ko’ra, Tramp Putin bilan aloqani yaxshilashga intilayotgan bir paytda ittifoqchi davlatlarga bosimni kuchaytirmoqda.

Shu hafta Bryusselda bo’lib o’tgan NATO sammitida Tramp a’zo davlatlardan mudofaa uchun xarajatlarni oshirishni talab qildi. Aks holda, dedi u, AQSh o’z yo’lidan ketadi.

Tramp bugun Londonda. Bosh vazira Tereza Mey va Qirolicha Yelizaveta bilan uchrashdi.

“NATOda bo’ldim, hozir Birlashgan Qirollikda, keyin Putin bilan ko’rishaman. O’ylaymanki, Putin bilan uchrashuv hammasidan silliqroq kechadi”, - dedi Tramp.

Ikki rahbar biror kelishuvga erishadimi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas, biroq AQSh va Rossiya qator sohalarda hamkorlik qilishi mumkin. Suriya – shulardan biri. Tramp AQSh qo’shinlarini bu mamlakatdan chiqarmoqchi ekanini aytadi, ammo Eron kuchlarining Suriyadagi faoliyatidan xavotirdaman, deydi.

Yana bir masala Qrim. Tramp uni Rossiyaning hududi sifatida tan olishi mumkinligiga ishora qilgan.

“Qrim taqdiri nima bo’lishini hozircha ayta olmayman, ammo bu masala meni bezovta qilmoqda”, - dedi u.

Ba’zilar nazarida, Tramp Yevropa xavfsizligiga e’tiborni susaytirishi mumkin. Bu esa qit’adagi maydaroq davlatlarni Rossiya xavfi oldida zaiflashtirib qo’yishi mumkin.

“Mudofaa salohiyati pastroq, bu masalada NATO va boshqa a’zo davlatlar salohiyatlariga tayangan mamlakatlar tashvishga tushgan”, - deydi Finlyandiya Milliy mudofaa universitetidan Yeyri Raitasalo.

Bunday davlatlar, asosan, Boltiq dengizi bo’yida joylashgan. Shulardan biri Estoniya. Bir paytlar Sovet respublikasi bo’lgan Estoniya bugun NATOga a’zo, ming nafar alyans qo’shinlariga mezbonlik qilmoqda.

“NATO kollektiv mudofaaga tayyor. Biroq bizga hujum qilishsa, jang qilishga hozirmiz”, - deydi britaniyalik podpolkovnik Jim Kennedi.

NATO qo’shinlari joylashgan joydan Rossiya chegarasigacha tankda deyarli uch soatlik yo’l. Alyansga ko’ra, Rossiya 2014-yilda Qrimni Ukrainadan tortib olib, Ukraina sharqiga qo’shin yuborib, qo’shni mamlakatlarni vahimaga soldi. NATOning Estoniyadagi ming nafar askari bunday ehtimolning oldini olish uchun safarbar etilgan. Shulardan 800 harbiy Britaniyadan.

“Estoniya mudofaa uchun, NATO askarlarini chaqirish uchun juda ko’p pul sarfladi. NATOning Rossiyaga nisbatan siyosati ikki ko’rinishga ega. Bir tomondan, biz muloqot tarafdorimiz, boshqa tomondan esa, kuch-qudratimizni namoyish etib, kollektiv mudofaaga tayyormiz doim. Xelsinkida Tramp-Putin uchrashuvi qanday yakunlanishi bizga qiziq”, - deydi podpolkovnik Kennedi.

Uchrashuv natijalarini NATOning ko’plab a’zolari sabrsizlik bilan kutmoqda. Xelsinki shahri Estoniyadan teploxodda ikki soatlik yo’l.

“Putin bu uchrashuvdan ko’p narsalarni kutmoqda. Propagandasi g’alabasi uchun muhim bu”, - deydi estoniyalik tahlilchi Kalev Stoychesku.

Rossiya NATO uning chegarasi tomon kengayib borayotganidan shikoyat qilib keladi. Putin Xelsinkida NATO kengayishi masalasini ham ko’tarishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG