Xelsinki oliy darajadagi uchrashuvlarga ilk bor mezbonlik qilayotgani yo’q. Betaraf Finlyandiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lgani bilan, NATOga kirmagan, Rossiya bilan chegaradosh, AQSh-Rossiya munosabatlarida tarafkashlik qilmagan.
Tramp va Putin bungacha ikki joyda ko’rishishgan, ammo shu kungacha alohida rasmiy uchrashuv bo’lmagan edi. Roppa-rosa bir yil oldin, 2017-yil 18-iyulida Germaniyaning Gamburg shahrida Katta Yigirmalik sammiti paytida AQSh va Rossiya rahbarlari ikki bor muloqot qiladi. Shundan so’ng noyabr oyida Tramp va Putin Vyetnamda APEK tashkiloti sammiti paytida ham gaplashadi. Biroq Gamburgda ham, Vyetnamda ham ular ko’p muloqot qilmaydi, Xelsinkidagi uchrashuvga esa kamida uch soat vaqt ajratilgan.
Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinisto Tramp bilan ham, Putin bilan ham yaxshi aloqada. Tramp Niinisto bilan ham bugun ko’rishdi. G’arb va Rossiyaning o’zaro sovuq munosabatlariga qaramay, Finlyandiya qo’shni mamlakat bilan iliq aloqalar o’rnatgan.
“Finlyandiyaning NATOga a’zo bo’lmagani uchrashuvning Xelsinkida bo’lishiga imkon yaratdi”, - deydi Finlyandiya Milliy mudofaa universitetidan podpolkovnik Yayri Raitasalo.
Xelsinki oldin ham yuqori darajali uchrashuvlarga mezbonlik qilgan. Masalan, 1975-yilda AQSh Prezidenti Jerald Ford Sovet Ittifoqi rahbari Leonid Brejnev bilan Xelsinkida muloqot qilgan. So’ng 1990-yilda Mixail Gorbachyov va Jorj Bush muzokaralari uchun yana shu shahar tanlandi.
“Shaharlar Olimpiya o’yinlari, xalqaro sport musobaqalari, Yevrovideniye qo’shiq tanlovi va boshqa yirik tadbirlarga mezbonlik qilishga intiladi. Biroq Prezidentlar Tramp va Putin uchrashuvichalik hech bir tadbir shaharga diqqatni bu qadar o’ziga tortmaydi”, - deydi Xelsinki meri Yan Vapaavuri.
Facebook Forum