Breaking News

Tramp-Putin muloqoti Yevropada qanday aks-sado berdi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin bilan Xelsinkidagi uchrashuvdan so’ng AQSh-Rossiya aloqalari tiklanayotgani haqida e’lon qildi. Biroq Trampning Amerikadagi siyosiy raqiblari uni Rossiya rahbariga taslim bo’lganlikda, AQSh manfaatlariga xiyonat qilganlikda ayblamoqda. Qo’shma Shtatlarning Yevropadagi ittifoqchilari Trampning Moskva bilan aloqalarni yaxshilashga intilishini xavotir bilan qarshi oldi.

Yevropa davlatlari nazarida, Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishida, Ukraina sharqida Malayziya yo’lovchi samolyotining urib tushirilishida, Britaniyada sobiq rus josusining zaharlanishida Putin aybdor, Tramp esa u bilan do’st bo’lmoqchi.

“Prezident Trampning Qrim bo’yicha pozitsiyasi yaxshi ma’lum va Tramp unga sodiq. Ya’ni Qrim Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy qo’shib olingan. Biz bu masalaga boshqacha qaraymiz. Qrim taqdiri xalqaro qonunchilik va BMT Nizomi asosida o’tkazilgan referendumda hal bo’lgan. Rossiya uchun bu masala yopiq”, - dedi Putin.

Xelsinkidagi uchrashuvdan oldin Tramp Qrimni Rossiyaning hududi sifatida tan olishi mumkin degan xavotir mavjud edi, ammo bunday bo’lmadi, Kiyevdagi hukumat yengil tortdi. Shunga qaramay, AQSh ittifoqchilarini matbuot anjumanidagi muhit tashvishga soldi.

“Tramp Rossiya va Yevropa Ittifoqi, Rossiya va G’arb o’rtasida ma’lum darajada yanglish ma’naviy tenglikni yaratishga harakat qilgani ko’plarni larzaga soldi. Tramp Putin bilan uchrashuvda G’arb manfaatlaridan uzoqlashdi”, - deydi Pragadagi Xalqaro aloqalar institutining amerikalik tahlilchisi Mark Galeotti.

AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Tomas Pikeringning aytishicha, Xelsinkidagi uchrashuv amerikalik saylovchilarga qaratilgan.

“Boshqa mamlakatlar Amerika prezidentiga ovoz bermaydi. Trampning bir yilu to’qqiz oydan beri kuzatilayotgan mana shunday xulqi saylovchilariga manzur”, - deydi sobiq diplomat.

Dushanba kuni Lotin Amerikasi mamlakatlari rahbarlari bilan muloqot qilgan Yevropa Ittifoqi AQSh prezidentining o’z ittifoqchilariga nisbatan muomalasidan xafa.

“AQSh rahbari provokatsiyaga qo’l uryapti, u Yevropa Ittifoqini bo’lib qo’ymoqchi. U bizlarni raqib deb atadi. Bunday bo’lishi to’g’ri emas”, - dedi Germaniyaning Yevropa masalalari bo’yicha vaziri Mixael Ros.

Tahlilchi Galeottining aytishicha, Yevropa o’z siyosatini yangi voqelikka moslashtirishiga harakat qiladi.

“Tramp siyosatining yon ta’siri va Yevropa uchun foydali tomoni shundaki, qit’a jiddiylashishga majbur. Amerika panasida turmay, o’z siyosatini endi o’zi belgilashi kerak”, - deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG