Matbuotga endi ma’lum bo’lishicha, AQSh va Rossiya prezidentlari yaqinda Germaniyada o’tgan Katta Yigirmalik sammiti paytida bir emas, ikki bor uchrashgan, ikkinchi marta norasmiy tarzda. Seshanba kuni Oq uy rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqladi.
Donald Tramp va Vladimir Putin dunyo rahbarlari va ularning rafiqalari sharafiga berilgan ziyofat paytida muloqot qilgan. Ikki rahbar nima haqida gaplashgani ma’lum emas. Tramp Putin bilan xufyona uchrashgani haqidagi da’volarni Twitter da inkor etdi.
Rus matbuotiga ko’ra, ziyofat paytida Tramp Putinning yoniga kelib o’tirgan va bir soatcha gaplashgan. Ularning 7-iyuldagi ilk rasmiy uchrashuvi ikki soatdan ortiq davom etgan edi.
Bu o'rtada Prezident Tramp Yuta shtati sobiq gubernatori Jon Xantsmenni Rossiyaga elchi etib tayinladi. Xantsmen bungacha Singapur va Xitoyda ham elchilik qilgan. Uning nomzodi Senat tasdig’idan o’tishi kerak.
Xantsmen 2012-yilgi prezident saylovlarida Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod bo’lish uchun kurashdi, ammo poygani boy berib, Massachusets shtati gubernatori Mitt Romnini qo’llab-quvvatladi.
O’tgan yilgi saylovda esa Xantsmen qatnashmadi. U avval Donald Tramp nomzodini yoqlab chiqdi, biroq keyinchalik voz kechdi.
Facebook Forum