Seshanba kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Ogayo shtatida minglab tarafdorlari oldida nutq so’zladi. U saylov kampaniyasi paytida bergan va’dalarini bajarishga umid qilmoqda. Shulardan biri sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish edi, ammo hozircha buning uddasidan chiqa olgani yo'q. Ayni damda Trampning reytingi o’ta past.
Donald Tramp bu shtatning Yangstaun shahriga borib, Vashingtondagi mashmashalardan uzoqlashdi.
“Hech bir prezident o’tmishda olti oyda bizchalik ish qilmagan”, - dedi u.
Trampning reytingi past bo’lishiga qaramay, uning ashaddiy tarafdorlari prezidentdan yuz o’girgani yo’q.
Tramp o’z dasturlarini amalga oshirolmay turibdi.
Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan munozara Senatda boshlangani yo’q hali, shuningdek, Kongress soliq tizimi reformasini qachon boshlashi, infratuzilmaga byudjetni qachon ajratishi ham noma’lum.
Tanqidchilar prezidentning o’z siyosatini Twitter orqali bildirish odatidan norozi, ammo Tramp bo’sh kelmayapti.
“Ba’zida men haqimda prezidentlarga o’xshab ish tutmaydi, deb aytishadi. Buyuk Avraam Linkolnni hisobga olmaganda, men ko’plab sobiq rahbarlarimizga qaraganda ancha ish qildim”, - dedi Tramp.
Tahlilchi Den Maxafining aytishicha, Trampning ish uslubi oldingi prezidentlarnikidan keskin farq qiladi.
“U o’z chiqishlarida ommani yanada jonlantirishga harakat qiladi. Tramp uchun bu mashhurlik, matbuot e’tiborini qozonishga imkoniyat”, - deydi ekspert.
Demokratlarga ko’ra, Tramp Twitter orqali Adliya vaziri Jeff Seshnsni koyigani uning Rossiya bo’yicha tergovni tugatishga bel bog’laganidan dalolatdir.
“Prezident Kongress avgustda ta’tilga chiqqanda adliya vaziri lavozimiga boshqa odamni tayinlab, Rossiya bo’yicha tergovni olib borayotgan maxsus tergovchi Robert Myullerni ishdan olib, tergovni yopmoqchi”, - deydi demokrat qonunchi Chak Shumer.
Tergov shu kunga qadar Tramp tarafdorlarini undan aynitgani yo’q. Ammo Trampning o’z tarafdorlari ko’nglini ovlash bilan cheklanishi kattaroq muvaffaqiyat erishishga halaqit berishi mumkin, deydi Maxafi.
“Tramp boshqa saylovchilarni qiynayotgan mavzular bilan shug’ullanishga harakat ham qilmadi. Aksincha, u konservativ yoki shunga yaqin mazmundagi xabarlar olmoqchi bo’lgan odamlarga ma’lumot uzatuvchi konservativ matbuot bilan muloqotni kuchaytirdi”, - deydi Maxafi.
Tanqidlarga qaramay, deydi Uilyam Galston, Tramp o’z yo’nalishidan qaytmaydigan ko’rinadi.
“Tramp oziga xos prezident. Oq uyda hali unga o’xshagani bo’lmagan. Agar reytingiz 40 foiz atrofida bo’lishini istasangiz, unga taqlid qiling. Agar kollektiv boshqaruv tarafdori bo’lsangiz, boshqa yo’ldan ketishingiz kerak”, - deydi ekspert.
So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Trampni saylovchilarning 36 foizi qo’llav-quvvatlaydi va bu olti oy prezidentlik qilgan rahbar uchun eng past ko’rsatkich.
Facebook Forum