Urush va nizolar paytida davlat rahbarlari bo’linib qolgan mamlakatni birlashtirishga va ushbu jarayon doirasida nafaqat tarafdorlari, balki jamiyatning boshqa qatlamlari bilan ham muloqotni yo’lga qo’yishga harakat qiladi.
Qayta saylanish imkoniyatlariga tahdid sifatida gavdalangan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga bel bog’lagan AQSh Prezidenti Donald Tramp hali ham o’z tarafdorlari bilan muloqotdan chetga chiqqani yo’q.
Tramp prezidentligi davrida ishsizlikka qarshi kurashib, minglab yangi ish o’rinlarini yaratgani haqida ko’p maqtangan, biroq pandemiya 20 milliondan ortiq odamni ishsiz qoldirdi, 54 mingdan ziyod amerikalik hayotdan ko’z yumdi. Tramp bunda Xitoy va raqib demokratlarni ayblayapti.
O’tgan hafta Tramp immigratsiyani vaqtinchalik to’xtatishga doir farmonni imzoladi. Ba’zilar nazarida, bu qaror ortida qisman tarafdorlarining immigratsiyaga qarshiligini ko’rsa bo’ladi.
Tramp bu yilgi saylovlarda ham aynan tarafdorlari yordamida g’alaba qozonishga umid qilmoqda. Biroq ba’zi tahlilchilar nazarida, bunday strategiya ish bermasligi mumkin. Chunki ayrim shtatlarda uning pozitsiyasi zaiflashgan. Tramp tarafdorlarining ortganiga doir dalil yo’q.
Pandemiya ham Tramp foydasiga ishlamayapti.
“Prezidentlarning boshqalardan farqi shuki, ular muayyan narsalarga e’tibor bermasligi kerak, ayniqsa, hozirgiday paytlarda. Biroq Tramp unday emas”, - deydi sobiq prezident Jorj Bushga matbuot kotibi bo’lgan Ari Fleysher.
Unga ko’ra, koronavirus epidemiyasi prezidentning mamlakat bo’ylab harakatlanish imkoniyatlarini cheklayotgan va siyosiy muhit ancha qutblashgan bir paytda Tramp bu imkoniyatdan foydalanib, shifokorlar, hamshiralar, virusga qarshi kurashayotgan odamlarni olqishlovchi tadbirlar bilan saylovchilar mehrini qozonsa bo’lar edi.
“Bunday harakatlar Amerika yaxlit ekanini ko’rsatadi”, - deydi Fleysher.
Milliy inqiroz yoki fojia paytida o’tmishdagi ayrim rahbarlar partiyaviy va mafkuraviy chegaralardan o’tishga muvaffaq bo’lgan – Oklaxoma-Siti bomba xurujidan keyin Bill Klinton, “Chellenjer” fazo kemasining portlashidan so’ng Ronald Reygan, Jon Kennedining o’ldirilishi ketidan Lindon Jonson shular jumlasidan.
“Tramp ma’muryati bunday qilmayotgani meni ajablantiradi”, - deydi Fleysher.
Biroq boshqa respublikachilar Trampning hozirgi siyosatini ma’qullayapti. Prezidentning sobiq strategi Stiven Bennon nazarida, 2020-yil saylovida Tramp tarafdorlaridan umid katta.
"Xitoyda boshlangan pandemiya “yangi vatanparvarlik”ka turtki berib, Tramp tarafdorlari safini kengaytirishi mumkin, chunki odatda amerikaliklar inqiroz paytida prezident atrofida birlashib kelgan", - deydi Oq uy sobiq rasmiysi.
Tramp reytingi prezidentligi mobaynida ajablanarli tarzda deyarli bir maromda qayd etib kelinyapti. So’nggi ijtimoiy so’rovda qatnashganlarning 42 foizi uning faoliyatini ma’qullagan.
Biroq koronavirus pandemiyasi sabab Florida va Viskonsin kabi saylovlarda odatda ikkilanuvchi shtatlarda Tramp pozitsiyasi zaiflashgan, uning maslahatchilari Tramp 2016-yilda 11 ming ovoz farq bilan g’alaba qozongan Michigandan umidini uzgan. Shtatning demokrat gubernatori va Tramp o'rtasida so’nggi kunlarda taranglik kuzatilmoqda.
Tramp saylov shtabi vakillarining aytishicha, saylovga yana olti oy vaqt bor va bu davr ichida pandemiya g’oyib bo’lib, iqtisodiyot qayta oyoqqa turishi mumkin. Ular nazarida, saylovchilar pandemiyadan oldingi iqtisodiy yuksalishni Tramp nomi bilan bog’laydi.
Biroq 2016-yilda ish bergan strategiya 2020-yil saylovida natija bermasligi mumkin. Masalan, Trampning o’tgan saylovda immigratsiyaga urg’u berganini o’z saylov kampaniyasida sinab ko’rgan ayrim respublikachi nomzodlar so’nggi Kongress va gubernatorlik saylovlarida mag’lubiyatga uchradi.
2016-yilgi saylovda Tramp shtabida matbuot bilan aloqalarga mas’ul bo’lgan Jeyson Millerning aytishicha, o’tgan hafta immigratsiyaga doir imzolangan farmon prezident tarafdorlariga manzur bo’libgina qolmay, pandemiya natijasida ishini yo’qotib, ushbu farmon tufayli mehnat bozorida muhojirlarning yangi oqimi raqobatidan himoyalangan va odatda kamroq daromad topadigan latinolar, qora tanlilar va pandemiyadan oldin mamlakatga kirgan qonuniy muhojirlarni qo’llab-quvvatlashga ham qaratilgan.
Miller ba’zi kuzatuvchilarning milliy inqiroz paytida mayda siyosiy janjallarga kirishmaslik tavsiyasiga quloq solmaslikka chaqiradi. Uning aytishicha, prezident siyosiy kurashni to’xtatmasligi lozim, chunki oxir-oqibatda saylovchilar uning kundalik brifinglariga emas, balki mamlakatni inqirozdan qanday olib chiqishiga qarab ovoz beradi.
“Prezident mamlakatni qat'iy harakatlar va natijalar bilan birlashtirmoqda”, - deydi Miller.
Trampning pandemiya paytidagi harakatlari saylovda zarar bo’ladimi unga yoki foyda?
- Amerika Ovozi
Facebook Forum