Breaking News

Maxsus prokuror Trampni tekshirishi mumkin


Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani haqidagi da’volarni hamda Prezident Donald Tramp saylov shtabining Rossiyaga aloqadorligini tergov qilish uchun tayinlangan maxsus prokuror endi davlat rahbarining adliya ishiga to’siq qo’ygani haqidagi da’volarni ham tekshirmoqchi.

“Vashington Post”, “Nyu-York Tayms” va “Uoll Strit Jurnal” gazetalariga ko’ra, Federal qidiruv byurosi sobiq direktori Robert Myuller Milliy razvedka rahbari Den Kouts, Milliy xavfsizlik boshqarmasi direktori Maykl Rojers va boshqarma rahbarining sobiq o’rinbosari Richard Ledjet bilan shu mavzuda suhbat qilmoqchi.

Ledjetning ish jurnalida qayd etilishicha, Tramp Koutsga qo’ng’iroq qilib, o’tgan yilgi saylov paytida uning shtabi Rossiya bilan til biriktirmaganini matbuotda aytishni so’ragan, deyiladi ushbu gazetalarda chop etilgan maqolalarda.

“Vashington Post”ga ko’ra, Tramp o’xshash iltimos bilan Rojersga ham murojaat qilgan, ammo na Kouts, na Rojers prezidentning iltimosini qondirgan.

Bir hafta oldin Senatda o’tgan tinglovda bu ikki rasmiy Tramp ularga bosim qo’ymaganini e’tirof etdi, biroq prezident bilan bo’lgan suhbat mazmunini oshkor etishdan bosh tortishdi.

Trampning aytishicha, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani isbot etilmagach, bu borada biror dalil keltirilmagach, prokuror endi prezidentning tergovga halaqit berganini tekshirmoqchi.

“Amerika siyosiy tarixida jodugarga ovning eng kattasiga guvoh bo’lyapsiz va bu ishga juda ham yomon odamlar qo’l urmoqda”, - deb yozdi Tramp "Twitter"dagi sahifasida.

Davlat rahbariga ko’ra, u saylovlarni halol yutgan, Rossiya unga bu ishda yordam bermagan, ammo mag’lub taraf (Demorkatlar partiyasi ) va uning tarafdorlari Trampni siyosiy sahnadan yolg’on va bo’hton bilan yo’qotmoqchi.

Respublikachilar partiyasi milliy qo’mitasi raisasi Ronna Makdaniyel “Vashington Post”da chop etilgan maqolani “asossiz ayblov” deya tanqid qildi.

"Prezident tergovga aralashganini isbotlovchi biror dalil keltirilgani yo’q. Razvedka idoralarining sobiq va amaldagi rahbarlari tergovga to’siq qo’yilmayotganini qayta va qayta aytishdi”, - deydi Makdaniyel.

FBR sobiq direktori, Tramp ishdan olgan Jeyms Komi ham o’tgan hafta Senat tinglovida qatnashib, qonunchilar savollariga javob berdi.

Unga ko’ra, Tramp sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Flinnga doir tergovdan voz kechishni so’ragan. Biroq Trampning shaxsiy advokati Mark Kasovitsning aytishicha, prezident Komidan tergovni to’xtatishni aslo so’ramagan yoki bunday taklif bilan chiqmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG