2016-yil saylov kampaniyasi paytida Tramp shtabining Rossiya bilan til biriktirgani haqidagi da’volar bir necha oydan beri taftish qilinmoqda. So’nggi kunlarda tergov kuchaygan, bu ishga aloqadorlikda ayblangan bir necha odam aybiga iqror bo’ldi, 13 nafar rossiyalik saylovlarga ta’sir qilganlikda ayblandi.
Taftish natijasi qanday bo’lishi hozircha mavhum ekaniga qaramay, Rossiya mavzusi noyabrda bo’ladigan Kongressga saylovlarda aks-sado berishi aniq.
AQSh prezidentining maslahatchisi Xoup Xiks Kongress qo’mitasiga chaqirtirilib, shu mavzuda so’roqqa tutildi, ammo uning ba’zi savollarga javob berishdan bosh tortgani qonunchilar noroziligiga sabab bo’ldi.
“Mansabdan foydalanib, tergov bilan hamkorlikdan bosh tortish bu”, - dedi demokrat-kongressmen Adam Shiff.
Rossiya bo’yicha tergovni FBR sobiq rahbari Robert Myuller olib bormoqda. Tramp saylov shtabining sobiq boshlig’i Pol Manafort chorshanba kuni unga qo’yilgan ayblovlarni tan olmadi. Biroq o’tgan hafta uning sobiq o’rinbosari Rik Geyts prokurorlarga yolg’on ko’rsatma berganiga iqror bo’lib, shundan beri tergov bilan hamkorlik qilmoqda.
Prezident Tramp taftishni o’ziga qarshi qaratilgan siyosiy kampaniya deb biladi.
“Soxta ayblovlar bilan ma’muriyatimizni, hukumatimizni yiqitishmoqchi. Bu hukumat ishiga halaqit bermoqda. Bu demokratlarning nayrangi”, - dedi Tramp.
Senat razvedka qo’mitasi a’zosi, demokrat Mark Uorner Tramp so’zlariga parvo qilmadi.
“Qonunchilik faoliyatimdagi eng muhim mavzu bu. Haqiqatning tagiga yetish men uchun juda muhim”, - dedi u.
Tahlilchi Kostas Panagopulosning aytishicha, Rossiya bo’yicha tergov Tramp ma’muriyatini yemirmoqda.
“Tergov qanday tugashini bilmaymiz. Natijalari prezident uchun achinarli bo’lishi ham mumkin”, - dedi u.
Noyabr oyida AQShda Kongressga saylovlar bo’lib o’tadi. Tahlilchi Jon Xudakning aytishicha, tergov respublikachi nomzodlar imkoniyatlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
“Agar respublikachilar Vakillar palatasi yoki Senatda yohud har ikki palatada o’rinlarini yo’qotsa, Tramp prezidentligining so’nggi ikki yili u uchun juda murakkab bo’ladi”, - deydi ekspert.
Biroq hozircha Trampning asosiy saylovchilari undan yuz o’girgani yo’q, deydi siyosiy sharhlovchi Maykl Baron.
“Rossiya taftishi Prezident Tramp va uning ma’muriyatiga raqiblari kutgandek salbiy ta’sir qilgani yo’q”, - deydi u.
Tramp va uning tarafdorlari tergov qachon va qanday tugashini bilolmay xunob. Bugun olingan xabarlarga qaraganda, Oq uyning aloqa direktori Xoup Xiks kecha Kongressdagi tinglov ketidan iste’fosi haqida e’lon qildi. Guvohlarga ko’ra, u tinglovdan asabiylashgan holda chiqqan.
Facebook Forum