Breaking News

Tramp Ukrainada tinchlikka chaqirsa, Bayden Kiyevga ko’proq qurol bermoqchi


AQShda prezidentlikka saylangan Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushiga barham berishga ahd qilganiga qaramay, yana ikki oydan so’ng iste’foga chiquvchi Jo Bayden Ukrainaga qo’shimcha qurol jo’natmoqchi.

Xalqaro hayot - 28-noyabr, 2024-yil - Rossiya “Oreshnik” bilan Ukrainani yana nishonga olmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:03 0:00

Ayrim rasmiylarga ko’ra, Bayden ma’muriyati 725 million dollarlik paket hozirlamoqda. Kassetali bombalar, tankka qarshi qurollar hamda Qo’shma Shtatlar o’nlab yillar davomida eksport qilmagan va tinch aholi uchun halokatli hisoblangan minalar bilan Ukrainani ta’minlash rejalanmoqda.

160 dan oshiq mamlakat minalarni man qiluvchi shartnoma imzolagan.

Tramp Rossiya va Ukrainani muzokaraga ko’ndirmoqchi. Chorshanba kuni yangi rahbar iste’fodagi general-leytenant Kit Kellogni Rossiya va Ukraina bo’yicha maxsus vakil etib tayinladi.

Kellog Ukraina muzokaraga ko’nmasa, unga ortiq qurol berilmasligini, Rossiya muloqotga ko’nmasa, Ukrainaga qurol ta’minoti kuchaytirilishini aytadi. Unga ko’ra, muzokara paytida mojaro muzlatiladi.

Kellog Trampning birinchi prezidentligi paytida Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan, vitse-prezidentning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi bo’lgan.

Tramp urushni to’xtatishga harakat qiladimi, yo’q, oldindan aytish qiyin, biroq Vashingtondagi Straregik va xalqaro izlanishlar markazining tahlilchisi Vladislav Inozemtsevning aytishicha, Rossiya urushni to’xtatishdan manfaatdor emas.

“Bu urush rus elitasiga iqtisodiy foyda keltiryapti. To’xtasa, nima bo’ladi? Tepada o’tirgan odamlar qayerga boradi?”, - deydi u.

Moskvadagi Levada sotsiologik markazi o’tkazgan so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, Rossiyada jamoatchilik fikri urushni muzokara orqali to’xtatish tomon og‘moqda. Ukrainada o’tkazilgan ijtimoiy so’rov aholining yarmi muzokara tarafdori ekanini ko’rsatadi.

Ukraina yaqinda AQSh tavsiyasiga muvofiq harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 25 dan 18 ga tushirish haqida muhokama boshlashi mumkin. G’arb matbuotiga ko’ra, Bayden ma’muriyati bunday chora Ukraina armiyasi safini kengaytirishga yordam berishini aytadi.

Rossiya qo’shinlari Ukraina sharqida hudud ketidan hudud egallarkan, Ukraina mudofaa va qarshi hujum uchun askar yetishmayotganidan noliydi.

Aprel oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy safarbarlik yoshini 27 dan 25 ga tushirdi.

ROSSIYA UKRAINANI YANA "ORESHNIK" BILAN NISHONGA OLMOQCHI

Bu orada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina AQSh unga bergan ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga takror hujumiga gipertovushli "Oreshnik" ballistik raketasi bilan javob berilishini bildirdi.

Rossiyalik harbiylar dunyodagi hech bir zamonaviy mudofaa tizimi bu raketani to’xtata olmasligini va 5500 kilometrgacha uchadigan qurol sanoqli daqiqalar ichida Yevropaning istalgan nuqtasiga yeta olishini aytadi.

21-noyabrdagi sinov parvozidan so’ng Ukraina Rossiyaga yana ikki bor ATACMS raketalari bilan zarba berdi.

Payshanba kuni Ostonada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbalarining sammitida qatnashgan Putin Ukrainaning bu hujumi ham javobsiz qolmasligini, Mudofaa vazirligi nishon tanlayotganini, harbiy inshootlar va qaror beruvchi markazlarga zarba berilishini aytdi.

Unga ko’ra, yadro kallakchalarini tashish salohiyatiga ega ushbu raketa yadro zaryadisiz ham nishonni katta buzg’unchi kuch bilan uradi, o’zidan so’ng havoda faqat chang qoldiradi.

Putin uning mamlakati ilg’or raketalar ishlab chiqarishda NATOdan 10 baravar o’zib ketganini va ishlab chiqarish kuchaytirilishini aytadi.

Rossiya rahbari AQSh Ukrainaga yadro qurolini uzatishi mumkinligi haqidagi xabarlarni izohlarkan, Kiyev atom qurolini qo’lga kiritsa, Rossiya tasarrufidagi barcha qurollar bilan Ukrainaga zarba berishini bildirdi.

“Nyu-York Tayms” gazetasining o’tgan hafta G’arbdagi ayrim rasmiylardan olingan ma’lumotga tayanib xabar berishicha, Jo Bayden Oq uydan ketishdan oldin Ukrainaga yadro qurolini uzatishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG