“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Prezident Donald Tramp Rossiya va Prezident Vladimir Putinning agenti bo’lishi mumkin. Gazetada chop etilgan maqolada aytilishicha, Tramp 2017-yil mayida Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komini ishdan olganidan so’ng byuro prezident qarori yuzasidan tergov boshlab, Tramp va Rossiya o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlashga harakat qilgan.
Shu hafta Tramp Rossiya manfaatlariga hech bir payt xizmat qilmaganini aytdi.
“Hech qachon Rossiya xizmatida bo’lmaganman. Bunday savolning menga berilishi noo’rin, chunki bu juda katta yolg’on”, - dedi Tramp.
Nyu-Yorkdagi maqolada aytilishicha, FBR sobiq direktor Jeyms Komining haydalishi ortidan Tramp Rossiya foydasiga va Amerika manfaatlariga qarshi ish qilganmi, yoq’mi, shuni tekshirmoqchi bo’lgan.
“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Tramp Putin bilan uchrashuvlari tafsilotlarini oshkor etmagani ham bunday shubhalarga sabab bo’lmoqda.
Tramp 2016-yil oxiridan prezidentlikka saylanganidan beri Rossiyaning Tramp saylov shtabi bilan ehtimoliy hamkorligi tergov qilinmoqda. Ba’zilar uning Prezident Putinni ochiq tanqid qilmasligini Rossiyaning Trampga saylovda g’alaba qilishga yordam bergani uchun minnatdorchilik sifatida ko’rmoqda.
“Savollar juda ko’p. Masalan, nega Tramp Putin bilan apoq-chapoq?” – deya so’raydi demokrat senator Dik Durbin.
Demokratlar Trampning Suriyadan qo’shinlarni chiqarish va ba’zi rus kompaniyalariga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilish qaroriga mantiqiy izoh ham talab qilmoqda.
Tramp FBR sobiq rahbari va byuroni o’ziga qarshi fitnada ayblab chiqdi.
“Bu tergov ortida turgan odamlarning razil ekani fosh bo’lgan. Ularni jinoyatga qo’l urgan politsiyachilar deb atasak ham bo’ladi”, - deydi Tramp.
Oq uyning bildirishicha, Tramp oldingi prezidentlardan ko’ra Rossiyaga nisbatan eng qattiq siyosat yuritayotgan rahbar bo’lib, prezidentlikka kelganidan beri Rossiyaga qarshi 272 xil sanksiya qo’llagan. Tramp ma’muriyati FBR tergovini matbuotga pinhona oshkor qilgan xizmatchilarni qoraladi.
Facebook Forum