Breaking News

Tramp Rossiya bilan aloqalarni yaxshilaydimi?


AQSh maxsus prokurori Robert Myuller ikki yillik taftish nihoyasida Donald Tramp va yordamchilari 2016-yil prezident saylovlari paytida Rossiya bilan til biriktirmagan degan xulosaga kelganidan so’ng bunday ehtimolni inkor etib kelgan Tramp saylov paytida bergan va’dalaridan birini bajarishga kirisharmikan?

AQSh rahbarining Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashiga qanday to'siqlar bor? Moskvada to’plangan ekspertlar ikki davlat munosabatlari xususida fikr almashdi.

Robert Myuller tergovi xulosasi ayon bo’lgach, rossiyalik siyosatchilar ikki yillik tergovni masxara qilishga kirishdi. Xususan, Prezident Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, tergovchilar qorong’i xonada yo’q qora mushukni qidirdi.

Kreml AQSh bilan iliq munosabatlar tarafdori ekanini bildirmoqda.

“Rossiya Amerika bilan yaxshi aloqada bo’lmoqchi ekanini Prezident Putin bir necha bor ta’kidlagan”, - dedi Peskov.

Biroq buning iloji bormikan? Tahlilchilarning bu borada fikri bo’lingan.

“Yangi prezident saylanmaguncha bunday bo’lmaydi”, - deydi AQShning 1987-1991-yillarda Sovet Ittifoqida elchisi bo’lgan Jek Metlok.

“Agar Tramp qayta saylansa, unda shunday imkoniyat bo’ladi”, - deydi Garvard universitetidan siyosatshunos Mark Kreymer.

Aksariyat mutaxassislar nazarida, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi iddaolar va Myuller tergovi Trampning Kreml bilan aloqalariga jiddiy putur yetkazgan bo’lishi mumkin.

“Har ikki tomon bir-biridan shu qadar xafa bo’lganki, bu hissiyotlar yo’qolishi uchun sabr va vaqt kerak”, - deydi Ratjers universitetidan Deyvid Foglsong.

Kuzatuvchilar munosabatlardagi taranglikka AQSh ichki siyosatida demokratlar va respublikachilar o’rtasidagi nizolar ham sabab, deydi.

Ba’zilar Rossiya Amerika saylovlarini haqiqatan izdan chiqarishga harakat qilgan, desa, boshqalar AQSh matbuoti masalani bir tomonlama yoritgan, deya jurnalistlarni ham ayblaydi.

“So’nggi ikki yarim yilda muammo bo’rttirilgan. Rossiya Amerika siyosiy hayotiga aralashmagan deb bo’lmaydi, ammo bu ish ko’lami bo’rttirilgan”, - deydi Foglsong.

Biroq barcha ekspertlar bir masalada hamfikr: ikki davlat muloqot qilmasa bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG