Donald Trampning ilk xorijiy safari dunyodagi uchta yirik din uchun muqaddas hisoblangan mamlakatlarga to’g’ri kelmoqda – u to’qqiz kun ichida Saudiya Arabistoni, Isroil va Vatikanda bo’ladi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti direktori Robert Setloffning aytishicha, Trampning Yaqin Sharq siyosati Barak Obamanikiga qarama-qarshi bo’ladi.
“Obama mintaqa aholisi bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilishga harakat qildi. U Yaqin Sharqqa ilk safari paytida parlamentlarda emas, universitetlarda ma’ruza qildi. Obama rahbarlardan ko’ra oddiy odamlarga murojaat qilib, arab dunyosida muvozanatni yaratmoqchi bo’ldi”, - deydi tahlilchi.
Tramp esa buning aksini qilmoqchi.
Saudiya Arabistonida Tramp Qirol Salmon bilan ko’rishdi. Riyod Tramp bilan uchrashuv uchun arab va musulmon davlatlardan 50 dan oshiq rahbarlarni ham taklif qilgan. AQSh qirollik bilan qurol savdosiga doir 100 milliard dollarlik shartnoma imzolandi.
O’tgan yilgi saylov kampaniyasi paytida musulmonlar Trampning ba’zi chiqishlarini, saylanganidan so’ng ayrim musulmon mamlakatlarga qo’yilgan viza cheklovlarini islomga qarshi deb ko’rgan edi. Oq uydagi maslahatchilarga ko’ra, Saudiya safari Trampning musulmon dunyosidagi imijini yaxshilash uchun qulay imkoniyatdir.
Saudiya Arabistoni hukumatini inson huquqlari buzg’unchisi sifatida ko’ruvchi inson huquqlari tashkilotlari Trampning bu rejasidan afsusda.
“Biz Oq uyda diktatorlarning qabul qilinishiga o’rganib qolganmiz”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotidan Andrea Presou.
Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an, Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiyni yaqinda Oq uyda qabul qildi. Huquq faollari ularni ham avtokratik rahbarlar deb biladi.
“Trampning ayrim musulmon davlatlarga nisbatan viza cheklovlari musulmonlar uchun kutilmagan hol bo’lmadi. Axir Trampdan aynan shu harakatlarni kutishgan edi oldindan”, - deydi AQShning Quvaytdagi sobiq elchisi Richard Lebaron.
AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Gerbert Makmasterning aytishicha, Tramp sunniy davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvi chog’ida radikal islomiy g’oyalar va guruhlarga qarshi kurash zaruratiga urg’u beradi.
“Tramp arab va musulmon hamkorlarimizni “Islomiy davlat”, al-Qoida kabi guruhlar, Eron, Assad tuzumiga qarshi dadilroq chora ko’rishga chaqiradi”, - deydi Makmaster.
Obamaning Eronga nisbatan yumshoq siyosatidan norozi bo’lgan sunniy rahbarlar Trampning bunday da’vatini olqishlashi aniq.
Ammo ba’zilar nazarida, Trampning ko’plab tashabbuslari singari bunisi ham samara bermasligi mumkin. Shunga qaramay, deydi Jorj Vashington universiteti professori Natan Braun, Trampning arab davlatlari tomon qo’yayotgan bu qadamini saylov kampaniyasi paytida islomga qarshi yangragan g’animlikdan voz kechilayotganiga dalolat sifatida ko’rish kerak.
Robert Setloffning aytishicha, AQShning arab davlatlari va Isroil bilan aloqalarni kuchaytirishga intilayotgani Eron uchun ogohlantirishdir.