8-fevral kuni AQSh Senatida sobiq prezident Donald Tramp ustidan impichment sudi boshlanadi. Tramp Amerika tarixida Vakillar palatasida ikki marta impichment qilingan ilk rahbardir. 2019-yilda respublikachilar hukmron Senat uni oqlab chiqqan edi. Bu gal respublikachilarning pozitsiyasi zaifroq. Oq uyda hamda Kongressning har ikki palatasida nazoratni o’z qo’liga olgan demokratlar 6-yanvar kuni namoyishchilarning Kongressga bostirib kirganini Trampdan ko’rmoqda.
Senatda demokratlar sardori Chak Shumer va respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonel sud tartibiga kelisha olgani yo’q hali. Ba’zilar jarayonga chetdan guvohlarning chaqirtirilishini talab qilsa, demokratlar qonunchilarning guvohligi kifoya qiladi, degan fikrda. Sud boshida aynan shu masala ovozga qo’yilishi mumkin.
Impichment jarayoni tashkilotchilaridan biri, Merilend shtatidan saylangan demokrat kongressmen Jeymi Raskin Trampning o’zini guvohlik berishga chaqirgan edi, biroq sobiq prezident bundan bosh tortdi. Senatdagi demokrat qonunchilarning ba’zilari Trampni ko’rish yoki uni eshitishga toqati yo’qligini aytdi.
“Tramp nima ham der edi”, - deydi Meyn shtatidan mustaqil nomzod sifatida senatorlikka saylangan, ammo demokratlar bilan hamfikr Angus King.
“So’nggi 5 yilda ilk bor bir hafta Trampsiz qanchalik maza qilganimni bilsangiz edi”, - dedi Delaver shtatidan saylangan demokrat senator Kris Kuns.
Jarayon bir haftadan oshmasligi aytilmoqda, biroq chetdan guvohlar chaqirtirilsa, cho’zilishi ham mumkin. Demokratlar koronavirusdan jabr ko’rganlarga yordam paketi kabi muhim qonun loyihalari bilan shug’ullanish kerakligiga ishora qilarkan, sudni tez o’tkazish tarafdori.
Tramp unga qo’yilgan ayblov bo’yicha aybdor deb topilishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi, ya’ni 67 nafari bunga ovoz berishi kerak. Ayni paytda Senatda kuchlar teng bo’lingan. Demokratlarning barchasi Trampni aybdor dep topishi muqarrar, yana 17 nafar respublikachi senatorlar ularga qo’shilsa bas.
2018-yilgi impichment jarayonida Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilarning birortasi Trampni javobgarlikka tortishga ovoz bermagan edi. Bu gal 10 nafar respublikachi kongressmen demokratlar bilan bir xil ovoz berdi.
Tramp 6-yanvar kuni namoyishchilari oldida nutq so’zlayotib ularni Kongress tomon yurishga da’vat etgan. Sobiq rahbar va uning tarafdorlari noyabrda bo’lib o’tgan prezident saylovlarida ovozlar ommaviy ravishda soxtalashtirilgan deb keladi va Jo Bayden g’alabasini tan olmaydi. Trampning o’sha kungi ma’ruzasidan so’ng norozilik namoyishiga to’plangan odamlarning bir qismi Kongress binosi – Kapitoliy tomon yurib, ichkariga kirishga muvaffaq bo’ladi, qonunchilar idoralarini ostin-ustun qiladi, bir necha odam jon beradi. Demokratlar Trampni tarafdorlarini bu ishga gijgijlaganlikda ayblarkan “isyon qo’zg’atish” ayblovi asosida uni javobgarlikka tortmoqchi.
Trampning Senatdagi aksariyat partiyadoshlari sobiq prezidentga impichment e’lon qilish konstitutsiyaga zid ekanini aytmoqda. AQSh tarixida bunday bo’lmagan hali.
Xususan, Kentuki shtatidan senator Rend Pol impichment jarayonini “partiyaviy masxarabozlik” deb atarkan, demokratlar mantig’iga ko’ra ularning Senatdagi sardori Chak Shumerga ham impichment e’lon qilish kerakligini aytadi.
2020-yil martida Shumer Oliy Sud binosi yonida to’plangan namoyishchilar oldida so’zlab, sudning ikki a’zosi Nil Gorsich va Brett Kavano tomon keskin gaplar aytgan edi. Oliy Sud raisi Jon Roberts, qator respublikachilar va Tramp o’shanda Shumer chiqishini qoralagan edi.
Senator Pol aynan o’sha voqeaga ishora qildi:
“Agar gap uchun jinoiy javobgarlikka tortadigan bo’lsak, “fikringizni yetkazish uchun kurashing” deydigan har bir odamga impichment e’lon qiladigan bo’lsak, u holda Chak Shumer ham impichment qilinishi kerak. Uning Oliy Sud qarshisidagi gaplari shu qadar provokatsion va zo’ravon ediki, hatto odatda jamoatchilikda kamgap sud raisi olomonning Oliy Sudga bostirib kirishga uringanini hisobga olganda bunday gaplarning xavfli ekanini aytgan edi”, - dedi Pol.
Unga ko’ra, Oliy Sud raisining Senatdagi impichment sudiga raislik qilishdan bosh tortgani jarayonning bir tomonlama ekanidan dalolatdir.
"Impichment uchun oldin ham ovoz bergan demokrat qonunchining sudga raislik qilishidan ham buni bilsa bo’ladi”, - dedi Pol.
Impichment odatda yuqori lavozimli rasmiyni mansabidan ayirishga qaratilgan jarayondir. Biroq demokratlarning asl maqsadi – Trampni kelajakda prezidentlikka nomzodini takror qo’yish imkoniyatidan mahrum etish. Respublikachilar orasida ham shunday qonunchilar bor.
Ijtimoiy so’rovlar bilan shug’ullanuvchi “Ipsos” tashkiloti va “ABC News” axborot agentligi birgalikda o’tkazgan eng so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 56 foizi Trampning impichment etilishi va kelajakda uni saylovlarga yaqinlashtirilmaslik tarafdori. Yanvar oxirida bundaylar 47 foiz atrofida edi. So’ralganlarning 43 foizi impichmentga qarshi.
Facebook Forum