Breaking News

Trampning tashqi siyosati bahslarga sabab bo'lmoqda


Prezident Donald Trampning tashqi siyosati doimiy bahslarga sabab bo’lib, tekshiruv ostida. Uning Suriyadan harbiylarni olib chiqish qarorini Kongressda qonunchilar keskin qoraladi. Ukraina misolida esa, deydi muxolifat, Tramp saylovdagi potensial raqibiga qarshi bu mamlakatdan foydalanmoqchi bo’lgan.

Trampning tashqi siyosati ustida bahslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00

Tanqidlarga qaramasdan, Prezident Tramp AQSh qo’shinlariga Suriya-Turkiya chegarasini tark etishni buyurdi. Ular kurd ittifoqchilar bilan birga jang qilayotgan edi.

“Askarlarimiz deyarli 10 yil o’sha yerda edi. Qonga botgan qum ustida boshqalar jang qilaversin”, - deydi prezident.

AQShning Suriya bo’yicha vakili Trampning qarorida rol o’ynamaganini aytadi.

“Qo’shinlarni olib chiqishda siz bilan maslahatlashishdimi?” degan savolga Jeyms Jeffri “yo’q” deya javob berdi.

Shu kunlarda Kongressga diplomatlar chaqirtirilib, Tramp ma’muriyati nima uchun Ukrainaga harbiy yordamni kechiktirgani to’g’risida savolga tutilmoqda.

Ular berayotgan ko’rsatmalar shundan dalolatki, Oq uy odatiy diplomatik kanallarni chetlab o’tib, harbiy yordam evaziga Ukrainadan sobiq-vitse prezident Jo Baydenning oilasini tekshirishni talab qilgan.

“Harbiy ko’mak yaqqol siyosiy sabablar bilan va prezidentning saylov kampaniyasi foydasini o’ylab kechiktirilgani davlat rahbarining milliy xavfsizlikni himoya qilish majburiyatini qo’pol ravishda buzish demakdir”, - deydi demokrat kongressmen Adam Shiff.

Demokratlar shu sababdan Trampga qarshi impichment tekshiruvini boshlagan.

“Bunday masalalarni ko’rib chiqadigan agentliklar bor. Prezident Tramp Baydenlar oilasining Ukrainadagi bizneslari tekshirilishini istasa, bu ishni diplomatik kanallar orqali qilishi kerak edi”, - deydi siyosatshunos Shennon Obrayen.

Terrorizm bo’yicha ekspert Mayk Nyutonga ko’ra, aynan odatiy diplomatik kanallar AQShni avtokratik tuzumlardan, siyosatni bir kishi belgilaydigan davlatlardan ajratib turadi.

“Amerikada hokimiyat organlari o’rtasida muvozanat bor. Qarorlarni ularning oqibatini o’ylab, diplomatiya va harbiy sohaga ta’sirini hisobga olib, tajribali mutaxassislar qabul qiladi”, - deydi suhbatdosh.

Bu qoidaga amal qilinmasa, global maydonda AQShga nisbatan ishonch pasayishiga olib keladi.

“Prezidentning qarorlari Davlat departamenti, Pentagon, razvedka idoralari va Kongressda shubha ostiga olinar ekan, AQSh tashqi siyosati qanchalik pishiq-puxta degan savol tug’iladi”, - deydi tahlilchi Mark Simakovskiy.

Tramp an’anaviy tashqi siyosatni o’zgartiraman deb saylangan. Uning tarafdorlari prezident va’dasini bajaryapti, deydi.

Ammo tanqid va tekshiruvlardan ma’lumki, Tramp “o’zimga xon, ko’lankam maydon” qabilida ish tutolmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG