Breaking News

Tramp Kongressda iqtisodiyot, immigratsiya, tashqi siyosat haqida gapirdi


Seshanba oqshom Prezident Donald Tramp Kongressning har ikki palatasi oldida ilk bor mamlakatdagi vaziyat haqida yillik hisobotini taqdim etdi. Tramp ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari va vazifalar haqida so’zladi. Uning aytishicha, Amerika manfaatlariga xizmat qilayotgan do’st davlatlargina AQShdan moliyaviy yordam olishi kerak.

Trampning ushbu chiqishini xalqqa murojaat deb ko’rsa ham bo’ladi.

“Amerika orzusi bilan yashash uchun hozirgidan yaxshiroq vaqt bo’lmagan hali. Murojaatni tomosha qilayotgan har bir fuqaro shuni bilsinki, hozir imkoniyatlar davri. Agar qattiq mehnat qilsangiz, o’z kuchingizga ishonsangiz, Amerikaga ishonsangiz, har narsaga erisha olasiz, birga erisha olamiz”, - dedi Tramp.

Tramp prezidentlikka kelganidan beri siyosati mamlakatni bo’lib qo’ydi, ijtimoiy so’rovlarda reytingi juda past.

Demokratlar uning Kongressdagi chiqishini tanqid qildi.

“So’nggi bir yil alg’ov-dalg’ov kechdi desak bo’laveradi. Siyosiy tarafkashlik, siyosiy o’yinlarga guvoh bo’ldik. Hozirgi ma’muriyat bizni himoya qilayotgan qonunlarni nishonga olmoqda. Inson qadri ularga bir pul. Ular uchun boylik, shuhrat, tarafdorlar soni muhimroq“, - dedi Massachusets shtatidan kongressmen Jo Kennedi.

Ba’zi demokrat qonunchilar Trampning nutqini boykot qildi. Prezident iqtisodiyot kuchaygani, infratuzilmani yaxshilashga harakat boshlanganini ta’kidlab, Kongressdan mudofaa uchun qo’shimcha mablag’ ajratishni so’radi.

Unga ko’ra, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya harakatlari yordamida “Islomiy davlat” jangari to’dasi Iroq va Suriyaning ko’plab hududlaridan haydab chiqarildi va kurash Daish yengilmaguncha davom etadi.

Terrorizmga qarshi kurash doirasida Tramp Mudofaa vaziri Jim Mattisga Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopmaslikni, Kongressdan esa Eron bilan imzolangan yadroviy bitimdagi kamchiliklarni inobatga olib chora ko’rishni so’radim, dedi.

AQSh prezidenti Shimoliy Koreyaga qattiqroq bosim qo’yamiz, o’tmishdagi yumshoq siyosat va murosalar samara bermadi, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG