Breaking News

Tramp va Putin telefon orqali muloqot qildi


Oq uy, 28-yanvar, 2017
Oq uy, 28-yanvar, 2017

28-yanvar kuni AQShning yangi rahbari Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda bir soat suhbat qildi.

Rasmiylarning aytishicha, Tramp va Putin 2014-yilda Kreml Qrimni o'z nazoratiga olgach Rossiyaga qarshi qo'yilgan sanksiyalar haqida gaplashmagan. Terrorizm, xususan "Islomiy davlat"ga qarshi kurash, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish xususida fikr almashilgan. Aytish joiz, tijoriy sheriklikni amaldagi sanksiyalar bilan oshirish qiyin.

Prezidentlar o'zaro rishtalarni normallashtirish niyatida. Ikki davlat orasidagi aloqalar so'nggi oylarda yanada keskinlashgan edi, ayniqsa, Rossiya xakerlari AQShda 2016-yilgi prezident saylovlarida Tramp foydasi uchun turli kiber-xurujlar qilgani fosh etilganidan beri.

Tramp kecha Oq uyda Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey bilan uchrashar ekan, bu sanksiyalar kelajagi haqida biror qarorga kelmaganini aytgan edi. Britaniya sanksiyalar amalda qolishini istaydi, chunki London nazarida Rossiya Ukrainaga nisbatan agressiv harakatlarini to'xtatmagan va bu mamlakat tinchligiga raxna solishda davom etmoqda. Kreml Kiyevga qarshi kuchlarni quvvatlab kelayotganlikda ayblanadi.

Yevropa va Avstraliya rahbarlari bilan muloqot

Tramp Putindan oldin Germaniya rahbari Angela Merkel bilan ham gaplashgan. Amerika prezidenti Suriya va boshqa musulmon davlatlaridan qochqinlar qabul qilayotgani uchun Merkelni tanqid ostiga olgan.

Germaniya va Fransiya nazarida AQSh muhojirlarga eshikni yopib, o'z qadriyatlariga qarshi ish tutmoqda. Tramp kecha yetti musulmon mamlakatdan hech kimni kiritmaslikni buyurdi.

Germaniya 2015-yildan beri 1 milliondan oshiq qochqinni bag'riga olgan.

Tramp Fransiya va Avstraliya rahbarlari bilan ham dialog boshlagan. Oq uyning bildirishicha, prezident AQShning yaqin ittifoqchilari kimligini va manfaatlarni qanday himoya qilishni biladi. Yangi prezident, avvalo, Amerika foydasini ko'zlab qarorlar qiladi, deydi rasmiylar.

AQSh-Yaponiya

Tramp sal oldin Yaponiya rahbari Shinzo Abe bilan ham muloqot qilgan. Oq uy Tokio bilan savdo va tijorat yuzasidan yangi muzokara boshlamoqchi. Abe bunga tayyor. 10-fevral kuni yapon bosh vaziri Vashingtonda bo'ladi. Tramp prezidentlikka saylanganidan keyin uchrashgan birinchi xorijiy lider ham Abedir. Nyu-Yorkda noyabr oyida qisqa muloqot kechgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG