Breaking News

Trampning boshqaruv uslubi tarafdorlariga manzur, tanqidchilari norozi


Prezident Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida katta o’zgarishlar haqida gapirgan. Ammo saylanganidan so’ng yangi rahbarning bir oy ichida qilgan ishlariga munosabat turlicha.

Trampning ayrim farmonlari tarafdorlariga ma’qul kelgan bo’lsa-da, unga qarshi ovoz bergan fuqarolar norozi. Ayniqsa, uning davlat tibbiy sug’urta dasturini bekor qilish va muhojirlar sonini cheklashga qaratilgan tashabbuslaridan. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning taxminan 40 foizi Trampni qo’llab-quvvatlaydi - yangi prezident uchun tarixda eng past raqam.

Donald Tramp prezidentligini siyosiy o’zgarishlar haqidagi katta va’dalari bilan boshladi.

“2017-yil 20-yanvari xalqning mamlakatda boshqaruvni o’z qo’liga olgan kun sifatida tarixga bitiladi”, - degan edi u.

Trampning birinchi haftalarda ketma-ket qabul qilgan farmonlari uning viskonsinlik Jim Bauman kabi tarafdorlarini quvontirdi.

“Xalq o’zgarishlarni xohladi va, nazarimda, aynan Donald Trampni bu o’zgarishlarni amalga oshiradigan inson sifatida ko’rishdi”, - deydi Bauman.

Trampning muhojirlarni mamlakatga vaqtincha kiritmaslikka qaratilgan farmoni mamlakat bo’ylab tanqidchilari orasida noroziliklar va federal sudda da’volarga sabab bo’ldi.

Trampning Oq uydagi qat’iyati tarafdorlariga manzur, ammo senator Richard Blumental kabi demokratlar bundan tashvishda.

“Prezident Tramp o’zini qonundan ustun deb bilsa-da, Konstitutsiyamiz eng asosiy qonun ekanini va shu sabab, adliya tizimimiz mustaqil ekanini eslatib qo’ymoqchiman”, - deydi qonunchi.

Trampning boshqaruv usuliga partiyadoshlari ham ko’nikishga majbur. Shulardan biri Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan.

“Tramp an’anaviy prezident emasligini ko’rib turibman. Sudyalarning qarorlaridan asabiylashadi, masalan. Ammo u qonun-qoidalarimizni hurmat qiladi va shunisi muhimdir”, - deydi Rayan.

Tahlilchi Jon Fortyening aytishicha, Tramp o’z partiyasi siyosatidan keskin chetga chiqmasa, respublikachilar undan yuz o’girmaydi.

“Agar prezident Kongress bilan til topisha olsa va ayrim tashabbuslari foyda keltirsa, Tramp bundan yutadi. Ammo xatolarga yo’l qo’ya boshlasa, partiya birligiga jiddiy putur yetadi”, - deydi u.

Yana bir tahlilchi Jeyms Turberning aytishicha, Trampning keskin va ba’zida mojaroli tabiati yaqindan nazorat etib boriladi.

“Qonun ustuvorligi, jamiyatning ochiqligi, matbuot - bularning barchasi Trampni nazorat qilib turadi. Uning ayrim ishlari va gaplari ba’zi odamlarga yoqmasligi tabiiy, ammo oxir-oqibatda tizim keskin o‘zgarishlarga yo’l qo’ymaydi”, - deydi ekspert.

Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi general Maykl Flinning iste’foga chiqishi prezidentga jiddiy siyosiy zarba bo’ldi. Muvozanatini tiklagach, Tramp yana siyosiy jangga kirishib ketadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG