AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Qo’shma Shtatlar G’o’lan Tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olishi kerak. Tepaliklar Isroilning 1967-yilda arab davlalari bilan olti kunlik urushi natijasida Suriyadan tortib olingan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti G’o’lanni Suriya hududi deb biladi.
Kecha AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Isroilda bo’lib, bu mamlakat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan birga Quddus shahrining G'arbiy devorini ko'zdan kechirdi. Shu kungacha AQShning birorta yuqori lavozimli rasmiysi Falastin noroziligiga uchramaslik uchun Isroil rahbari hamrohligida u yerga bormagan edi.
Tramp ma'muriyati bu bilan AQSh Quddusning Isroil nazoratida ekanini tan olishini bildirmoqda. G'arbiy devor Quddusning sharqiy qismida joylashgan eski shaharning musulmonlar yashovchi mahallasi ostida joylashgan. Falastinliklar Sharqiy Quddusni bo'lajak davlatining poytaxti sifatida ko'radi, biroq Isroil shaharning bo'linishiga qarshi.
Isroil G’o’lan Tepaliklarini Suriyaga qaytarmoqchi emas. Prezident Tramp nazarida, Qo’shma Shtatlar hududni Isroilniki deb tan olishi zarur. Trampgacha AQShning birorta rahbari bunday bayonotlar qilmagan.
Netanyaxu Trampga qo’ng’iroq qilib, unga bu bayonoti uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Tramp avval Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan oldi, so’ng AQSh elchixonasini Quddusga ko’chirdi. So’ng Eron bilan imzolangan ofatli shartnomadan chiqib, Tehronga qarshi sanksiyalarni tikladi. Endi esa G’o’lan Tepaliklarini Isroilniki deb tan olyapti”, - dedi Netanyaxu.
Davlat kotibiga ko’ra, AQSh Isroil bilan birdamdir.
9-aprel kuni Isroilda saylovlar bo'lib o'tadi. Korrupsiya bilan bog’liq tergov, qalloblik bilan bog’liq ayblovlar sabab Netanyaxuning qayta saylanishi savol ostida. Ayrim tahlilchilar nazarida, Pompeo Netanyaxuni saylovdan oldin qo’llab-quvvatlash uchun Isroilga borgan.
“AQSh Netanyaxuga saylovdan oldin madad ko’rsatmoqchi bo’lgani ayon. Oq uy ma’muriyati Isroildagi siyosiy jarayonlarga xayrixoh ekanini yaqqol namoyish etib kelgan”, - deydi Vashingtondagi Jorjtaun universitetidan Ross Xarrison.
Prezident Tramp Netanyaxu bilan kelasi hafta Vashingtonda uchrashadi.
Facebook Forum