11-sentabr voqealarining 18 yilligiga bag’ishlangan xotira marosimida so’zlagan AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda dushmanga har qachongidan qattiq zarba bermoqda.
Bir necha kun oldin Tramp Tolibon rahbariyati bilan AQShda rejalangan tinchlik muzokaralarini bekor qildi. Ayrim qonunchilarga ko’ra, prezident jangarilar bilan kamroq muloqot qilib, Afg’oniston rahbari Ashraf G’aniga kattaroq e’tibor qaratishi kerak.
Vashingtondagi xotira marosimida Tramp o’tgan hafta AQShning Kobuldagi elchixonasi yonida Tolibon sodir etgan bomba xurujini qoralab, jangarilarni ogohlantirdi.
“So’nggi to’rt kun davomida dushmanni har qachongidan qattiqroq urdik va shunday qilishda davom etamiz. Agar mamlakatimizga qarshi yana xuruj qilishsa, Amerikaning butun harbiy qudratini ularga qarshi tashlaymiz”, - dedi Tramp.
Kobuldagi xuruj paytida amerikalik harbiyning o’limi ketidan Tramp o’zining Vashington yaqinidagi “Kemp Deyvid” qarorgohida Afg’oniston va Tolibon rahbarlari o’rtasida dam olish kunlari o’tkazilishi rejalangan muzokaralarni bekor qildi.
Ayrim tahlilchilar va qonunchilar bunday muloqotni Amerikada o’tkazish ehtimolini tanqid qildi.
“11-sentabr xurujlarini rejalagan, xurujlarga qo’l urgan odamlarga boshpana berganlarni “Kemp Deyvid”ga olib kelishmoqchi bo’lishganiga aql bovar qilmaydi. Axir hozir ham bu odamlar xurujlar sodir etishda davom etmoqda. Natijada bir amerikalik nobud bo’ldi. Bunday tadbirni xayolga keltirishning o’zi noto’g’ri bo’lgan”, - dedi demokrat senator Bob Menendez.
Boshqa ekspertlarga ko’ra, AQSh zo’ravon va ekstremist Tolibon bilan ish ko’rgandan ko’ra Afg’onistonning qonuniy saylangan prezidenti bilan muloqotga kattaroq urg’u berishi kerak.
“Saylovlarda qatnashmagan teokrat Tolibon bilan jangari guruh sifatida muomala qilish o’rniga ularga hokimiyatga kelish uchun navbat kutayotgan potensial hukumat sifatida yondashyapmiz”, - deydi “Yangi Amerika jamg’armasi” tashkilotidan Piter Bergen.
Ayrim qonunchilar qo’shinlarning Afg’onistondan erta chiqarilishiga qarshi.
“Afg’onistonda ham, Suriyada ham kichik sonli qo’shinimizning bo’lgani yaxshi. Albatta, oz sonli askarlar bilan bu mamlakatlarda o’zimizga yoqadigan tuzum yarata olmasmiz, ammo vatanimiz xavfsizligi uchun ularning bo’lgani yaxshi”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Makkol.
Tramp Tolibon bilan muzokaralar tugatildi deyishiga qaramay, ba’zi kuzatuvchilar nazarida, muloqot yaqinda jonlanadi, chunki Tramp ham, aksariyat amerikaliklar ham 18 yil oldin 11-sentabr voqealari ketidan boshlangan afg’on urushiga barham berilishini istaydi.
Facebook Forum