AQShda prezidentlikka saylangan Donald Tramp ayrim mamlakatlar, jumladan Xitoyga tariflar qo’yishini aytarkan, hukumatlar va kompaniyalar bunday siyosatga qanday javob berishini hozircha bildirgani yo’q. Mutaxassislar Pekin Tramp tariflarini javobsiz qoldirmasligini aytadi.
Tramp birinchi prezidentligi paytida Xitoyga qator sanksiyalar qo’yib, global iqtisodiyotni shokka tushirgan edi. Bu gal Tramp AQShga kirayotgan barcha mahsulotlarga tariflarni 10 foizga, Xitoydan kelayotgan tovarlarga esa 60 foizga oshirishini aytmoqda.
Xitoy hukumati bunday choralar savdo ziddiyatlarini kuchaytirishi haqida ogohlantirdi.
"Taxminiy savollarga javob bermaymiz. Biroq savdo urushida g’olib bo’lmasligini, bundan dunyo foyda ko’rmasligini aytishim kerak”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mao Nin.
Tramp aytayotgan tariflar eksportlarga tobe iqtisodiyotlarga ziyon keltirishi, shu bilan birga, kattaroq AQSh-Xitoy savdo urushi imkoniyatlar yaratishi ham mumkin.
Xitoyga qo’yilgan va qo’yiladigan tariflardan qochish maqsadida xorijiy kompaniyalar Xitoyni tark etmoqda. Tailand savdo vaziri Amerikaning ko’p sonli kompaniyalari zavodlarini Xitoydan uning mamlakatiga ko’chirayotganini aytdi.
“Bu muammolar Tailandga foyda keltirishini aytishim mumkin. Har bir mamlakat uchun sarmoya makoni bo’lishimiz mumkin”, - deydi Pichay Nariptxapxan.
Biroq bunday yondashuvning o’ziga yarasha xavfi ham bor. Xitoydan chiqqan kompaniyalarni qabul qilgan mamlakatlar endi AQShning eksport siyosatiga tobe bo’lmoqda. Bu esa ularni Trumpning har qanday keng qamrovli tariflari yoki tovarlarni chetlab o'tishni cheklashga qaratilgan urinishlari uchun yanada zaifroq qiladi.
AQSh savdo siyosatidagi bo’lajak o’zgarishlar nafaqat uning yirik savdo hamkorlarini, balki Amerika bilan savdosi cheklangan mamlakatlarni ham xavotirga solmoqda. Masalan, yuqori tariflar Afrikada AQSh mahsulotlarini olishni yanada qiyinlashtiradi, deydi bir tahlilchi.
“Agar ishlab chiqarish, masalan, ananas yetishtirish haqida gapiradigan bo’lsak, ularni AQSh bozoriga yetkazish yanada qiyinlashadi. Agar tariflar oshadigan bo’lsa, AQShning Afrika bilan savdosi yaxshi bo’ladi deb o’ylamayman”, - deydi afrikalik mutaxassis Melvin Fut.
Tramp harakatlarini oldindan aytib bo’lmaslik ham mavhumlikka sabab bo’lmoqda. Tahlilchi Jayant Menonning aytishicha, Tramp ilk prezidentligi paytida savdo shartnomalarini tuzishdan oldin tariflarni qo’llash istiqbolidan ko’pincha savdolashish vositasi sifatida foydalangan.
“Nazarimda, Trampni proteksionist deb bo’lmaydi. U savdogar. O’zini ham shunday deya ta’riflaydi, kelishish san’ati haqida gapiradi. U o’zi tuzgan erkin savdo shartnomalarinigina tan oladi”, - deydi Singapurda asoslangan Janubi-sharqiy Osiyoni o’rganish instituti eksperti.
Menonga ko’ra, Tramp nishonidagi mamlakatlar javob tariflarini qo’llab, o’zlari va global iqtisodiyotga zarar yetkazgandan ko’ra yangi savdo bitimlariga kelishishni afzal ko’radi.
Biroq Trampning hamma takliflari ham proteksionizmni kuchaytirishga qaratilmagan.
U Bayden ma’muriyati tomonidan AQShda ishlangan elektr avtomobillar uchun belgilangan imtiyozlar bekor qilinishini aytdi.
Meksika, Kanada va Xitoy hukumatlari Trampning Meksika va Kanada mahsulotlariga 25 foizlik, Xitoy mahsulotlariga qo’shimcha 10 foizlik tarif qo’yish rejasiga munosabat bildirib, bunday harakat barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’sir qilishini, inflyatsiyani oshirishini, mehnat bozoriga zarar yetkazishini aytdi.
Tramp bu mamlakatlarni fentanil kabi giyohvand moddalar hamda migrantlar oqimini to’xtatishga yetarlicha chora ko’rmayotganlikda ayblab, tarif qo’ymoqchi ekanini aytdi.
Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum javob choralari ehtimoli haqida ogohlantirdi.
“Agar Meksikada ishlayotgan AQSh kompaniyalariga 25 foizlik soliq solsak, bu AQShda 400 mingta ish o’rinlariga ta’sir qilishi mumkin”, - deydi Meksika Iqtisodiyot vaziri Marselo Ebrard.
Meksikada ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning salkam 79 foizi AQShga eksport qilinadi.
Meksika AQShning eng yirik savdo hamkori bo’lib, eksportining 15,8 foizi Qo’shma Shtatlarga to’g’ri keladi. Ikkinchi o’rinda salkam 14 foiz bilan Kanada.
Bu mamlakat Amerika uchun eng yirik xom neft eksportchisi.