Prezident Donald Trampning po’lat va alyuminiy importiga boj qo’yish qarori AQShda qizg’in munozaralarga sabab bo’ldi. Tramp odatda xalqaro savdo masalasida keskin qadamlar tashlamaydigan respublikachilarning umumiy siyosatidan chekindi.
Noan’anaviy prezident amerikalik ishchilarga bergan va’dasining ustidan chiqyaptimi yoki savdo urushini boshlamoqdami? “Amerika Ovozi” AQShga olib kirilayotgan mahsulotlarga qo’yilgan tariflar tarixi, ta’siri, bu siyosatning ijobiy va salbiy taraflarini tahlil qildi.
Prezident Tramp milliy xavfsizlik yo’lida bu ishga qo’l urganini aytmoqda.
“Biz o’z mamlakatimizda ishlab chiqariladigan po’lat va alyuminiydan kemalar, samolyotlar, harbiy texnika yaratmoqchimiz”, - deydi Tramp.
Tariflarni joriy etishda AQSh rahbari milliy xavfsizlik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Kongress ruxsatisiz ish qilganini aytadi. Amerika Savdo vaziri Vilbur Rossning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qonunchilikda “xavfsizlik” keng ma’noga ega.
“Ishsizlikning ta’siri, muhim sohaning ahvoli, oddiy odam milliy xavfsizlikka aloqasi yo’q deb o’ylagan omillar qonunda bor. Iqtisodiy xavfsizlik ham milliy xavfsizlikning bir qismi”, - deydi vazir.
Unga ko’ra, boj to’lovlari ish o’rinlarini yaratishga, po’lat va alyuminiy sanoatlarini rivojlantirishga turtki beradi, metalga tobe sanoatlar faoliyatiga qattiq ta’sir qilmaydi.
“Agar po’latga tarif 25 foizga oshirilsa, avtomobil narxi bir oyda o’rtacha to’rt dollarga qimmatlashishi mumkin. Buning natijasida avtosonatda ommaviy ishsizlik kuzatilmaydi. Unutmangki, iqtisodiyotimiz hozir juda kuchli”, - deydi savdo vaziri.
Kongressdagi ko’p respublikachilar bunday bahoga qo’shilmaydi.
“Ko’plab senatorlar savdo urushi kelib chiqishidan xavotirda. Ayni damda qonunchilar Oq uy ma’muriyati bilan bu choralar ko’lami va ta’sirini muhokama qilyapti. Iqtisodiy o’sishga salbiy ta’sirdan tashvishlanish bor”, - deydi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.
AQSh po’lat eksportining salkam 90 foizi Kanada va Meksikaga to’g’ri keladi. Bu mamlakatlar boj to’lovlaridan ozod etilgan, Yevropa va Osiyo esa yo’q. Kongressmen Mayk Bostning aytishicha, Xitoy po’lat ishlab chiqarishni kamaytirsa, bozor muvozanatlashadi.
“Xitoy dunyodagi po’latning yarmini ishlab chiqib, boshqa mamlakatlarga sotmoqda, ular esa keyin mahsulotni bizning bozorga olib kelishyapti”, - deydi qonunchi.
Iqtisodchi Jeykob Funk Kirkegaard AQShni bir tomonlama harakatda ayblaydi.
“Xitoyni ishlab chiqarishni kamaytirishga undash uchun ko’p tomonlama yondashuvni ishga solish kerak, shunda natija bo’ladi”, - deydi ekspert.
Yevropa javob chorasi tariqasida Xarli-Deyvidson mototsikllari kabi AQShda ishlangan mahsulotlarga boj solmoqchi. Biroq Amerika savdo vaziri bunday siyosatdan qattiq zarar ko’rmaymiz, deydi.
“Zarar 3,5 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotimizning 0,2 foiziga teng, xolos. Iqtisodiyotimiz uchun hech narsa emas bu”, - deydi Vilbur Ross.
Facebook Forum