Breaking News

Tramp savdo urushini yaqinlashtirmoqda


Prezident Donald Tramp xalqaro savdo bobidagi yangi tashabbuslari bilan katta qarama-qarshiliklarga sabab bo’lmoqda. Bunday taktika, uning nazarida, Amerika uchun savdo shartlarini yaxshilashga qaratilgan, bu esa kelajakda xalqqa foyda keltiradi. Iqtisodchilar savdo urushi ehtimolidan xavotirda.

Savdo hamkorlariga nisbatan tariflarni oshirish haqida do’q-po’pisa qilgan Tramp endi Jahon savdo tashkilotini nishonga olmoqda.

“So’nggi yillarda tashkilot doirasida bizga yomon muomala qilishgan, katta zarar ko’rdik. Hozircha hech narsa rejalayotganimiz yo’q, ammo bizga to’g’ri muomala qilishmasa, chorasini ko’ramiz”, - dedi Tramp.

Xabarlarga ko’ra, Oq uy prezidentga Jahon savdo tashkiloti yurisdiksiyasidan tashqarida tarif miqdorini belgilashga vakolat beruvchi qonun loyihasi ustida ishlamoqda. Bu AQShga tashkilot oldidagi majburiyatlarini inkor etishga imkon yaratadi.

Boshqa davlatlar ham jim turgani yo’q. AQSh po’lat va alyuminiy importiga qo’ygan tariflariga javoban Kanada Amerikaning 12,6 milliard dollarlik mahsulotlarini boj bilan siyladi. Xitoy ham AQSh mollariga boj to’lovlari joriy etish arafasida – 34 milliard dollarga teng import mahsulotlariga. Yevropa Ittifoqi iyul o’rtalaridan javob choralarini joriy eta boshlaydi.

“AQSh ma’muriyati alyuminiy va po’latga tariflarni oshirsa, Jahon savdo tashkiloti qoidalarini buzgan bo’lib, oqibatlari yaxshi bo’lmasligini oldindan anglagan”, - deydi Yevropa Ittifoqi savdo komissari Sesiliya Malmstrom.

Agar Tramp Yevropada ishlangan avtomobillarga ham tariflarni oshirsa, Yevropa Ittifoqi Amerikaning 290 milliard dollarlik mahsulotlarini ham bojsiz qoldirmasligi haqida ogohlantirgan.

Prezident Tramp uning hozirgi taktikasi Amerika manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini aytarkan, mutaxassislar xavotirga tushgan.

“Biz yanglish yo’ldan ketyapmiz. Biz o’z iqtisodiyotimizga qiyinchiliklar tug’diryapmiz, Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh farovonligini ta’minlagan va qoidalarga asoslangan ko’p tomonlama savdo tizimiga putur yetkazyapmiz. Eng muhimi, AQShning dunyo iqtisodiyotidagi ta’sirini tushiryapmiz”, - deydi iqtisodchi Jeffri Skot.

Ekspertlarga ko’ra, savdo urushi avj olsa, bundan global iqtisodiyot zarar ko’radi, savdo ko’lami pasayadi, ta’minot tizimi darz ketadi, sarmoyadorlar ishonchi yo’qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG