Prezident Donald Tramp savdoni kuchaytirish maqsadida bir necha farmon imzoladi. Unga ko’ra, agar sharoit yaxshilansa, Amerikaning savdo kamomadini 500 milliard dollarga kamaytirsa bo’ladi. Bu summaning yarmidan ko’pi Xitoy bilan savdoga to’g’ri keladi. Shu hafta Tramp Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan ko’rishadi.
Tramp saylov kampaniyasi paytida ayrim davlatlarni savdo masalalarida g’irromlikda ayblab, prezidentlikka saylansa, bu muammolarni hal qilishga, dempingga qarshi kurashishga va’da bergan edi. U imzolagan farmonlardan biri mahsulotlarni arzonroqqa sotish maqsadida ularga subsidiya ajratgan hukumatlarga jarima solishni ko’zlaydi.
“Maydondagi o’yin halol emas. Natijada ko’plab ish o’rinlari Amerikadan Xitoy va Meksikaga ko’chirilyapti”, - deydi Tramp.
Tramp Xitoy prezidenti bilan uchrashuvi chog’ida shu masalani ko’tarishi kutilmoqda. Vashingtonlik iqtisodchi Denni Bahorning aytishicha, AQSh rahbari savdodagi nomutanosiblikni urg’ularkan, kattaroq masalaga e’tibor bermayapti.
“Hozirgi vaziyatda Xitoyda ishlangan mahsulotlar amerikalik xaridor va shirkatlarga arzonga tushmoqda. Amerikada xarid qilish ancha qimmatroq bo’lardi”, - deydi Brukings tahlil markazi eksperti.
Natijada, deydi Bahor, amerikalik ishlab chiqaruvchilar o’rtasida raqobat kuchaymoqda. Tramp imzolagan farmon bu kompaniyalarni xursand qilgani bilan savdo urushlariga yetaklashi mumkin.
“Boshqa mamlakatlar qarshi chora ko’rishi, qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat sanoatida band bo’lgan shirkatlar eksport imkoniyatlarini boy berishi, mahsulotlarni bandargohlarga eltuvchi transport kompaniyalari ham zarar ko’rishi mumkin”, - deydi tahlilchi Ken Simonson.
Trampning da’vo qilishicha, Amerika manfaatlariga zid savdo shartnomalaridan ko’plab ishchilar zarar ko’rgan. Biroq so’nggi izlanish natijasiga ko’ra, 1990-yildan 2007-yilga qadar bo’lgan davr mobaynida qayd etilgan ish o’rinlarining yo’qotilishiga, asosan, ish jarayonining tobora avtomatlashtirilishi sabab bo’lgan.