Breaking News

Tramp vatanparvarlikni globalizmdan ustun qo'ymoqda


Donald Trump
Donald Trump

BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida asosiy minbardan turib so’zlagan AQSh Prezidenti Donald Tramp globalizm oqimini tanqidga olib, vatanparvarlikni unga afzal ko’rdi.

Xalqaro hayot - 26-sentabr, 2018-yil - Tramp vatanparvarlikni globalizmdan ustun qo'ymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:04 0:00

Tramp sessiya ishtirokchilarini global boshqaruvga qarshi turishga chaqirdi. Undan bir soat oldin so’zga chiqqan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish aksincha ko’p tomonlama munosabatlar, institutlarni kuchaytirishga da’vat etdi.

“Globalizm mafkurasini inkor etamiz, dunyo bo’ylab vatanparvarlik ruhini qo’llab-quvvatlayamiz. Mas’uliyatli davlatlar o’z suverenitetini nafaqat global hokimiyatdan, balki do’q-po’pisa, hukmronlikning yangicha formalaridan ham himoya qilishi kerak”, - dedi Tramp.

2016-yil saylovlarida g’alaba qozonganidan beri Tramp “Amerika birinchi o’rinda” siyosatini olg’a sura boshladi. Bosh Assambleya minbaridagi nutqida ham suverenitet, vatanparvarlikka urg’u berdi. So’nggi ikki yilda Qo’shma Shtatlar BMTning Inson huquqlari kengashi, Migratsiya bo’yicha xalqaro kelishuvdan chiqdi, tashkilotning ayrim agentliklariga yillik to’lovlarni keskin qisqartirdi.

BMT rahbari esa aksincha o’z chiqishida hamkorlik, ko’p qirrali tizimni targ’ib qildi.

Trampdan oldingi prezident Barak Obama ham BMTdagi chiqishlarida xalqaro aloqalarga katta urg’u berardi.

"Xalqaro qonun-qoidalarga amal qilish uzoq muddatda xavfsizligimizni oshiradi”, - degan edi u.

Tramp nazarida Amerika manfaatlarini yetarlicha qamramagan bitimlar bekor qilindi. Masalan, Qo’shma Shtatlar Trans-Tinch okeani sheriklik bitimidan, global iqlim bo’yicha Parij shartnomasidan, Eron yadro dasturiga doir xalqaro kelishuvdan chiqdi. Tramp Jahon savdo tashkiloti, Shimoliy Amerika Erkin savdo shartnomasi, Shimoliy Atlantika bitimi tashkiloti, ya’ni NATOdan chiqishga ham do’q-po’pisa qilgan edi.

Tahlilchi Charlz Kupchan Tramp siyosatini quyidagicha ta’riflaydi:

“Tramp suvereniteti kuchli, o’z manfaatlarini ilgari suradigan davlatlar olamiga qaytmoqchi. Bu AQShning Ikkinchi jahon urushidan beri tashqi siyosatda keskin burilishi. Hatto Prezident Obama paytida ham Amerika manfaatlarini unga o’xshash mamlakatlar manfaatlari bilan uzviy bog’liq ekanini ko’rgan edik”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi eksperti.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli xalqaro tashkilotlardan butunlay yuz o’girayotganimiz yo’q, deydi.

“Biroq ularning Amerika siyosatiga aralashuviga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

Trampning noroziligi shundan iboratki, ayrim mamlakatlar va tashkilotlar ko’p hollarda Qo’shma Shtatlardan o’z manfaatlari yo’lida foydalanib kelgan. Endi esa Amerika, uning nazarida, birinchi navbatda o’zini, o’z xalqini o’ylashi kerak.

Trampning “Amerika birinchi o’rinda” doktrinasi aks etgan BMTdagi nutqiga dunyo rahbarlari turlicha munosabat bildirmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron barcha mamlakatlarni iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimiga rioya qilmagan davlatlar bilan savdo qilmaslikka chaqirdi. Qo’shma Shtatlar shartnomadan yaqinda chiqqan.

“Fransiya Parij bitimini oyoqosti qiladigan mamlakatlar bilan bundan keyin savdo shartnomalari imzolamaydi. Tijoriy kelishuvlar ekologik va ijtimoiy sharoitni hisobga olishi zarur”, - dedi u.

Tramp o’z nutqida Eronni tilga oldi.

“Eron rahbarlari men bilan uchrashishni istasa, siyosatini o’zgartirsin. Bundan boshqa choralari yo’q. Tehron bilan aloqalarimiz yaxshi bo’lishiga umid qilaman”, - dedi u.

Eron prezidenti bunga shunday javob berdi:

“Muloqotni shu yerning o’zidayoq boshlab, shuni aytmoqchimanki, xalqaro xavfsizlik Amerika ichki siyosati qo’lidagi o’yinchoq emas. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oq uy ma’muriyatining bir qismi emas”, - dedi Hasan Ruhoniy.

Trampning importlarga tariflarni oshirib, xalqaro bitimlardan chiqayotgani hozirgi tartibni o’zgartirishga qaratilgan siyosatining bir qismidir, deydi tahlilchi Charlz Kupchan.

“AQSh Ikkinchi jahon urushidan so’ng o’zi barpo etgan, uni himoya qilib kelgan jahon tartibini yemirmoqda”, - deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG