AQSh Prezidenti Donald Tramp tunda Venesuelada politsiya tomonidan o’g’irlangan muxolifatning ikki yetakchisi zarar ko’rsa, Prezident Nikolas Maduroni mas’ul tutaman, demoqda.
Chili Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Venesuelada muxolifat nazoratidagi parlament tomonidan tayinlangan ikki sudya ayni damda Karakasdagi Chili elchixonasida jon saqlamoqda.
Muxolifat rahbari Enrike Kapriles davlat rahbarini tanqid qildi.
"Mamlakatda ochlik hukm surmoqda. Venesuela qaysi tomonga qarab ketmoqda? Uni nimalar kutmoqda? Prezident telba siyosatidan qaytishi kerak, aks holda fuqarolar urushi boshlanishi mumkin. Radikal kuchlar mamlakatni jar yoqasiga yetaklamoqda”, - dedi u.
Qo’shma Shtatlar dushanba kuni Maduroga qarshi sanksiyalar qabul qildi. Qator mamlakatlar uning konstitutsiyani yangilash maqsadida maxsus majlisni saylash qarorini tanqid qildi. Muxolifat saylovni boykot qildi.
Hukumatga qarshi namoyishlar va zo’ravonlikda saylov kuni kamida 10 odam, so’nggi to’rt oyda esa 120 dan ziyodi nobud bo’lgan.
Maduro mamlakatdagi muammolarda AQSh imperializmi va uning Venesueladagi tarafdorlarini ayblamoqda. U Amerika qit’asi davlatlari tashkilotini masalaga aralashmaslikka chaqirdi, aks holda fuqarolar urushi ehtimoli haqida ogohlantirdi.
Facebook Forum