Breaking News

Donald Tramp - AQShning 45-prezidenti


70 yoshli Donald Tramp Nyu-Yorkdan chiqqan milliarder
70 yoshli Donald Tramp Nyu-Yorkdan chiqqan milliarder

Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp AQShning 45-prezidenti etib saylandi. Bahsli va ziddiyatli voqealarga boy o’tgan saylov mavsumining so’nggi kuni ham kutilmagan bo’ldi: milliarder nomzodning eng yuqori pallagacha chiqishini ko’pchilik kutmagan edi.

Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlik uchun nomzodini e’lon qilganda, unga jiddiy e’tibor berganlar kam bo’ldi. Ammo u birin-ketin partiyadosh raqiblarini yer tishlatib, respublikachilarning yagona nomzodiga aylandi.

Saylovda unga demokratlar nomzodi Hillari Klinton qarshilik qildi. Saylovdan oldingi barcha ommaviy so’rovlarda Klinton Trampni yengishi bashorat qilinayotgan edi. Hatto respublikachilar orasida ham Trampning g’alaba qozonishiga shubha bildirganlar ko’p bo’ldi.

Ammo Trampning ispanzabonlarni haqorat qilgani, muhojirlar va musulmonlarga qarshi ayirmachiligi hamda ayollarga nisbatan jinsiy tajovuzkor bo’lgani haqidagi gap-‘sozlar ham uning saylovda g’alaba qozonishiga to’siq bo’la olmadi.

Klintonni qo’llab-quvvatlash uchun uning saylov kampaniyasida davlat rahbari Barak Obamadan tortib Amerikaning ko’plab ko’zga ko’ringan siyosatchilari va davlat namoyandalari ishtirok etdi. Obama so’nggi kunlarda shtatma-shtat yurib amerikaliklarni Hillari Klintonga ovoz berishga chaqirdi.

Ammo bu da’vatlarning barchasi besamar ketdi. Amerika xalqi prezident sifatida Donald Trampni tanladi.

Saylovda Tramp to’la ustunlik qildi, deb bo’lmaydi. Aksincha, deyarli barcha shtatlarda kurash teng kuchlar ostida o’tdi. Saylov taqdirini kimga ovoz berishi noma’lum bo’lgan shtatlar hal qildi. Ularning barchasi Trampga moyillik bildirdi. Ayni paytda Klinton ham bu hududlarda jiddiy qarshilik ko’rsatdi. Aksariyatida Tramp kichik miqdordagi ustunlik bilangina g’olib chiqdi.

Tramp, agar prezident etib saylansa, Meksika bilan chegarada devor qurishga, sog’liqni saqlash tizimiga oid Obama qonunini bekor qilishga va’da bergan. Shuningdek, u terrorizm muammosi bir yoqli bo’lmaguncha, musulmonlarni AQShga kiritmaslikni taklif qilgan. Urush zonalaridan, xususan, Suriyadan qochoqlar qabul qilishni to’xtatish ham uning saylovoldi dasturidan o’rin olgan masalalardan edi.

Tramp prezident sifatida bu maqsadlarini to’liq amalga oshira oladimi? Bu haqda gapirishga hali erta. Chunki AQShda qonunlar orqali hal qilinadigan masalalar Kongress tasdig’idan o’tishi kerak. Qonun chiqaruvchi organ respublikachilar nazoratida bo’lgani bilan, ko’plab partiyadoshlari Trampning radikal o’zgarishlarga sabab bo’luvchi g’oyalarini qo’llab-quvvatlamasligi mumkin.

Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan, AQSh va dunyo yangi davrga qadam qo’yadi, deydi ayrim kuzatuvchilar. Ularga ko’ra, Tramp prezidentligi davrida o’zgarishlar ko’proq tashqi siyosatda namoyon bo’ladi. Chunki prezident tashqi siyosatini yuritishda ko’proq mustaqillikka ega bo’ladi. Bu esa AQSh muhim rol o’ynab keladigan dunyo muvozanatiga o’z ta’sirini o’tkazadi.

Tramp prezidentlik qasamyodini 2017-yil yanvar oyida keltiradi. U Oq uy sohibligini demokrat prezident Barak Obama qo’lidan qabul qilib oladi.

AQShda Prezident kuni
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:01:05 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG