2017-yilning 20-yanvarida prezidentlikka qasamyod keltiradigan Donald Tramp uning muovini Mayk Pens Nyu-Yorkda teatrda artistlar tomonidan "xalqqa xizmat qiling" deya murojaat qilinganidan g'azabda.
Pens oilasi bilan musiqali teatrlar o'chog'i Brodveyda "Hamilton" deb nomlangan asarni tomosha qilishga borgan. Shou prodyuserlari va ijrochilari unga alohida gapirib, yangi prezident va ma'muriyat Amerika qadriyatlarini unutmasin, deya undagan.
Tramp fikricha bu hurmatsizlik. Artistlar Pensdan kechirim so'rasin, deya yozdi u o'z "Twitter" sahifasida.
Nyu-Yorkda va umuman AQSh bo'ylab Tramp prezidentligi mamlakatni irqchi, toqatsiz va o'zboshimcha davlatga aylantiradi degan xavotir kuchli. Tramp saylov kampaniyasida muhojirlarga, xususan musulmonlar va latinolarga qarshi gapirgan. Trampning ekologiya, globalizatsiya va boshqa mavzulardagi fikrlari ziyolilar va ayniqsa madaniyat xodimlari orasida radikal va tor, deya talqin qilinadi. Ko'plab artistlar liberal qarashga ega.
Pensning o'zi teatr a'zolari aytgan gaplardan nolimagan. Odamlar o'z fikrini erkin bayon etadigan jamiyat bu, deya sharhladi u, "Fox News" telekanalida.
"Hamilton" asari Pensga yoqqan va u ijodkorlardan minnatdor.
Tramp nazarida esa uning vitse-prezidentiga "hujum qilingan". Odamlar teatrlarga hordiq chiqargani boradi, deydi u, gap eshitgani uchun emas.
Bo'lajak prezident uni taqlib qiluvchi hajviy shoulardan ham nolib keladi. Ijodjorlar deydiki, Tramp ko'ngilni keng qilib, o'z ishi bilan shug'ullanishi lozim. Tanqid va hajviya endi boshlanmoqda, deya eslatmoqda ular.