Germaniyadan AQShning minglab qo’shinlarini chiqarishni rejalayotgan Prezident Donald Tramp oxirgi kunlarda bu rejasi uchun tanqidga uchrar ekan, davlat rahbari Vest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchilari oldida so’zlab, bundan keyin harbiylar uzoq yurtlarda ma’nosiz urushlarga yuborilmasligini, AQShning faqat muhim manfaatlarini himoya qilishini aytdi.
Xabarlarga ko’ra, Tramp Germaniyadan 9500 askarni chiqarib, Polsha va boshqa joylarga yo’llamoqchi. Germaniyalik rasmiylar sarosimada, AQSh Kongressi esa Qo’shma Shtatlar bu bilan jahon sahnasidan chekinayotganini aytib, xavotir bildirmoqda.
Nyu-York shtatida joylashgan Vest-Poynt harbiy akademiyasida to’rt yil o’qib bitirgan kadetlar bitiruv kuni akademiyaga tashrif buyurgan AQSh prezidenti ma’ruzasini tinglash sharafiga muyassar bo’ldi.
Ijtimoiy sahifaga rioya qilib, akademiya hovlisiga niqob taqib kirgan mingdan ortiq kadetga murojaat qilgan Trampning aytishicha, Amerika askarining vazifasi o’zga yurtlarni oyoqqa turg’azish emas, o’z vatanini xorijiy dushmanlardan himoya qilishdan iborat.
“Ma’nosiz urushlar davrini tugatyapmiz. Ko’p amerikaliklar hatto eshitmagan olis mamlakatlardagi juda eski mojarolarni hal qilish AQSh harbiy kuchlarining ishi emas”, - dedi Tramp.
Prezident Tramp so’nggi bir necha yilda Suriyadan qo’shinlarning bir qismini chiqardi, Amerika ittifoqchilarini ularni himoya qilish uchun ko’proq pul ajratishga undadi, Afg’onistondan qo’shinlarni chiqarish uchun Tolibon bilan muzokara boshladi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi Qurolli kuchlar qo’mitasining 22 nafar respublikachi a’zosi prezidentga maktub yo’llab, Germaniyada qo’shinlar sonini qisqartirish milliy xavfsizlikka tahdid ekanini, Rossiya agressiyasiga yo’l ochishini aytdi.
Trampning so’nggi kunlarda ba’zi harbiy arboblar bilan qarashlari to’g’ri kelmagan. AQShda irqiy tengsizlik va politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar ma’lum paytda izdan chiqib, tartibsizliklar va talon-tarojga aylanishi ketidan politsiya harakatsizligini ko’rgan Tramp tartibni harbiylar yordamida tiklamoqchi ekanini aytgan edi.
Ayrim harbiy rahbarlar bu rejaga qarshi chiqqan. Xususan, Mudofaa vaziri Mark Esper Trampning muntazam armiyani namoyishchilarga qarshi qo’llash g’oyasini qo’llab-quvvatlamadi. Trampni biror marta ochiq tanqid qilmagan sobiq mudofaa vaziri Jim Mattis esa prezidentning tartibni bunday yo’l bilan tiklash rejasini matbuotda qoraladi.
13-iyun kuni Vest-Poynt harbiy akademiyasidagi bitiruv tadbirida Tramp irqiy tengsizlik mavzusini bir marotaba tilga oldi. Uning aytishicha, kadetlar Amerika xilma-xilligiga ajoyib misoldir.
“Ba’zilaringiz qishloq joyda voyaga yetgansiz, ba’zilaringiz katta-kichik shaharda o’sgansiz. Turli irq, din, rang va e’tiqodga mansubsiz. Biroq akademiya tuprog’iga qadam bosganingizda siz Amerika deb ataluvchi yaxlit jamoa, bir oilaga qo’shilib, unga faxr bilan xizmat qilyapsiz”, - dedi Tramp.
Prezidentning aytishicha, akademiya kadetlari ayni abadiy tamoyillarga sadoqat bildirib, aka-uka, opa-singilga aylanishdi, umumiy vazifani bajarish uchun birlashishdi – mamlakatni mudofaa qilish, xalqni himoya qilish, erkinlik, tenglik va ozodlik ana’analarini davom ettirish.
“Bu qadriyatlarni saqlash uchun ko’p odamlar o’z jonini fido qildi”, - dedi Tramp.
Facebook Forum