Breaking News

Tramp Jahon sog'liqni saqlash tashkilotini tanqid qilmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini koronavirusga qarshi kurashda shijoat ko’rsatmayotganlikda va Xitoyga kattaroq e’tibor qaratayotganlikda ayblab, bu tashkilotga moliyaviy yordamni to’xtatishga do’q-po’pisa qildi. BMT qoshidagi tashkilot rahbari inqirozga siyosiy tus bermaslikka chaqirdi.

Xalqaro hayot – 9-aprel, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:56 0:00

“COVID kasalligidan siyosiy zarbalar berishda foydalanishga hojat yo’q. O’zingizni ko’rsatmoqchi bo’lsangiz, buning ko’plab boshqa yo’llari bor”, - dedi Tedros Adxanom Gebreyesus.

“Masalani men emas, u siyosiylashtirmoqda. O’tgan yili 452 milliard dollar berganmiz. Undan oldingi yillarda yuz milliardlab dollar berganmiz. Hozirgidan yaxshiroq ishlashlari kerak”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini pandemiyaga qarshi chora ko’rishda sustkashlikda aybladi. Biroq tashkilot COVID-19 kasalligini AQShdan bir necha hafta oldin xalqaro miqyosda favqulodda vaziyat deb e’lon qilgan.

Tramp Xitoyning koronavirusga qarshi choralarini olqishlagan tashkilotni Pekinga yon bosayotganlikda ham ayblamoqda. Biroq tanqidchilar nazarida, Uxandagi epidemiyani xalqaro jamoatchilikdan yashirishga harakat qilgan Xitoyga ortiqcha ishonmaslik kerak.

“Bir tomondan, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Xitoy bilan tili bir ekani haqidagi xavotirlar bor, ammo buni isbotlash kerak. Ikkinchi tomondan esa, Tramp ma’muriyati koronavirusga qarshi choralarni ko’rishni kech va samarasiz boshlaganidan chalg’itish uchun tashkilotni aybdor qilib ko’rsatishga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Robert Deyli.

Tramp Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga to’lanadigan badal pulini to’xtatishga do’q-po’pisa qilib, koronavirusga qarshi xalqaro kurash uchun qo’shimcha 225 million dollar ajratilishi haqida e’lon qildi.

“Bu 64 mamlakatga berilgan taxminan 274 million dollarga qo’shimcha”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Uning aytishicha, pul AQShning dunyo bo’ylab pandemiyaga qarshi kurashdagi yetakchiligini ifoda etadi, biroq ba’zi tahlilchilar bu fikrga qo’shilmaydi.

“Dunyo miqyosida qudratli davlat bo’lib qolishni istasak, bu muammoni hal qilishda yordam berishimiz kerak, chunki xalqaro hamjamiyat bizdan shuni kutyapti. Agar bu bizning qo’limizdan kelmasa, Xitoy e’tirofni qozonish uchun jon-jon deb shunga qo’l uradi”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro va strategik izlanishlar markazi tahlilchisi Daniel Rund.

Tramp o’z chiqishlarida Xitoyning pandemiyaga qarshi global rolini tan olib, uning boshqa mamlakatlarga berayotgan yordamini ijobiy qadam deb ko’rdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG