AQSh Prezidenti Donald Tramp Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini Xitoyga yon bosayotganlikda ayblab, unga moliyaviy yordamni to’xtatish qarorini himoya qilmoqda.
Xususan, Tramp tashkilotning yanvar oxirida Xitoydan AQShga reyslarni to’xtatish qaroriga noroziligini qoraladi. Tramp nazarida, uning bu qadami koronavirus tarqalishini ancha sekinlashtirgan.
“Pandemiyaning eng muhim bosqichida Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti o’z yo’riqnomasida Xitoyni chegaralarini nazorat qilishga chaqirmagani sabab kasallik dunyo bo’ylab tez tarqalib ketdi. Bu katta va fojiali xato bo’ldi”, - dedi AQSh rahbari.
Pandemiya boshida Xitoy va ushbu tashkilot siyosatini olqishlagan Tramp bu hafta moliyaviy yordamni to’xtatishga qaror qildi.
Qo’shma Shtatlar tashkilotning asosiy homiysi bo’lib, yiliga 550 million dollar yoki yillik byudjetining 15 foizini berib turadi. Homiylar ro’yxatida uchlikka amerikalik milliarder Bill Geytsga qarashli ikkita tashkilot ham kiradi. Geyts Trampning yordamni to’xtatish qarorini xavfli deb, tanqid qildi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tanqidchilariga ko’ra, uning pandemiyaga qarshi choralari sust bo’lgan. Ayrim mamlakatlar pandemiya boshida AQSh kabi Xitoydan reyslarni to’xtatishga qaror qilgan.
Shunga qaramay, tanqidchilarning ba’zilari tashkilot faoliyatini pandemiya avjiga chiqqan paytda emas, o’tib bo’lganidan keyin tahlil qilish kerak, deydi.
“Trampning hozirgi qarori xato. Bu yong’in paytida o’t o’chiruvchilarga suvni o’chirib qo’yish bilan teng bir ishdir. E’tirozlari bo’lsa ham, hozir buning mavridi emas”, - deydi tashkilotning sobiq yuristi Jian Luka Burchi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti nafaqat COVID-19 kasalligi bilan, balki poliomiyelit, qizamiq, bezgak, ebola, to’yib ovqatlanmaslik muammosi va boshqa ko’plab kasalliklar bilan ham shug’ullanadi. Moliyaviy yetishmovchilikni hal qilish uchun idora rahbari boshqalar bilan hamkorlik qilishga to’g’ri keladi, deydi.
“Bo’linib qolsak, virus oramizda hosil bo’lgan darzdan tez foydalanadi”, - deydi u (deydi Tedros Adxanom Gebreyesus).
Tashkilot shaffoflik va moliyaviy mas’uliyatni ta’minlash maqsadida vaqti kelganda faoliyatini qayta ko’rib chiqishga so’z berdi.
“Hozirgi bosim nafaqat taftishga, balki tashkilot islohotiga ham olib keladi degan umiddaman. Guruh Xitoy yoki boshqa davlatlar rahbarlari istagiga qarab emas, dunyo salomatligi manfaatlaridan kelib chiqqan holda faoliyat yuritishi kerak”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Robert Deyli.
Ba’zilarning xavotir olishicha, AQSh yordamisiz qolgan tashkilot endi Xitoy ta’siriga yanada kattaroq tushishi mumkin.
Facebook Forum