Amerikadagi diniy jamoalar Prezident Donald Trampning ibodatxonalarni ochish haqidagi chaqirig’ini ehtiyotkorlik bilan qarshi olmoqda.
Diniy dargohlarning aksariyati pandemiya davrida eshiklarini yopib, virtual ibodatga o’tgan. Cherkovlar milliy kengashining ogohlantirishicha, ularni erta ochish halokatli oqibatlarga olib keladi.
“Cherkov yetakchilari va pastorlar ko’p narsa noma’lum bo’lgan hozirgi sharoitda ibodatxonalar qayta ochilishidan xavotirda”, - deydi kengashning kommunikatsiya bo’limi rahbari Stiven Martin.
Prezident Donald Tramp gubernatorlardan cherkov, masjid va sinagogalarni zudlik bilan ochishni so’ramoqda. Aholiga ularning xizmatlari zarur, deydi u. Buni tushunmagan gubernatorlarning qarorlarini o’zim bekor qilaman, demoqda prezident.
“Ba’zi joylarda alkogol do’konlari va abort klinikalarini muhim deb ko’rishmoqa, cherkovlar esa yopiq. Bu to’g’ri emas”, - deydi Tramp.
Prezident gubernatorlarga bu masalada buyruq bera olish-olmasligi bahsli masala. Uning ko’rsatmasi bilan AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ibodatxonalarni qanday dezinfeksiya qilish bo’yicha qo’llanmani ommaga havola etdi.
“Birinchi Ozodlik” nomli o’ngchi tashkilot Tramp qarorini olqishlayapti.
“Amerika dindorlari bu masalada birov yo’l ko’rsatishini kutayotgan edi. Konstitutsiyaga kiritilgan birinchi tuzatish o’z ahamiyatini yo’qotmagan”, - deydi tashkilot vakili Jermi Days.
Cherkovlar milliy kengashiga ko’ra, jamiyatda bo’linish yuzaga kelmoqda.
“Ruhoniylar va cherkov rahbarlariga bosim oshishi turgan gap. Vaholanki, mutaxassislar bunday joylarni ochishga hali erta ekani haqida bong urishyapti. AQShda pandemiya ibodatxonalardan boshlanganini unutib qo’yayapmiz. Bu joylarda odamlar qo’shiq aytadi, bir-biriga yaqin turadi. Demak, bu masalaga juda e’tiborli bo’lishimiz kerak”, - deydi kengash vakili Stiven Martin.
Trampning bayonoti Ramazon hayitini nishonlayotgan amerikalik musulmonlarning rejalariga ta’sir ko’rsatishi ehtimoldan yiroq.
“Musulmon o’lkalaridan bo’lgan fuqarolarning AQShga kirishini taqiqlovchi farmonning muallifi, Prezident Trampning gaplari musulmon jamoasining rejalariga mutlaqo ta’sir ko’rsatmaydi”, - deydi Amerika-Islom aloqalari kengashidan Robert Makko.
Ommaviy so’rovlarga qaraganda, prezidentga ergashib, diniy marosimlarni qayta boshlashga shay turgan guruh bu injilchi nasroniylardir.
“Abort qilish mumkin-u, cherkovga borish mumkin emasmi?”, - deydi michiganlik Darsi Atkins.
Bu guruh 2016-yilgi saylovda Trampni qo’llab-quvvatlagan. Noyabrda ham prezident ularning ovozini olishdan umidvor.
Facebook Forum