Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Amerika "arab bahori"ning beshigi sanalgan Tunis barqaror bo'lishini, muvaffaqiyat qozonishini istaydi. Mintaqaga safar qilayotgan Amerika bosh diplomati Tunisda. Kun tartibidagi asosiy mavzu - Suriyadagi urushga siyosiy yechim topish, xavfsizlikni qayta tiklash.
Qo'shma Shtatlar 2011-yilda Tunisga 700 million dollar yordam ajratgan. Bu mamlakatga yordam uzatishda davom etamiz, dedi bosh diplomat.
Tunis uchun qo'shni Liviyadagi to'polonlar xavotir uyg'otmoqda. Tunis rahbariyatining aytishicha, terrorchilar Liviyada mahkam o'rnashib olayapti. Chegaralar xavfsizligini ta'minlashda Amerika yordamini jon deb qabul qilamiz, deydi Tunis rasmiylari.
"Arab bahori"dan keyin demokratik islohotlarga yuz tutgan Tunisni Qo'shma Shtatlar olqishlab keladi. Biroq yil boshida ikki qonli xuruj ortidan bu mamlakatning iqtisodiyot uchun muhim tarmog'i sanalgan turizm qattiq ziyon ko'rdi. Hujumni "Islomiy davlat" to'dasi sodir etgan.
Tunisda chog'ida Jon Kerri Prezident Beji Kaid Essebsi bilan, shuningdek, "arab bahori"dan keyin Tunisda tinchlik muzokaralariga bosh bo'lgan guruh bilan ko'rishmoqda. Guruh Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan edi.
Bugun, juma kechroq Jon Kerri Venaga borib, Suriyadagi urushni tinch yo'l bilan hal qilishga bag'ishlangan anjumanda qatnashadi.