Breaking News

Turkiya al-Nusra frontini terrorchi tashkilot deb belgiladi


Suriyada Bashar Assad hukumatiga qarshi jang qilayotgan al-Nusra fronti jangarisi
Suriyada Bashar Assad hukumatiga qarshi jang qilayotgan al-Nusra fronti jangarisi
Turkiya Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan, al-Qoidaga aloqasi borligi gumon qilinayotgan al-Nusra fronti tashkilotini terrorchi guruh deb belgiladi. Bu qaror Assad hukumatiga qarshi bo’lgan Anqara siyosatida burilishdan darak.

Turkiya hukumatining al-Nusra frontini terrorchi tashkilot deb belgilash haqidagi qarori AQSh va G’arb mamlakatlarining bu boradagi siyosati bilan hamohangdir. Vashington guruhni 2010-yil dekabrida terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritgan.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi jurnalisti Semih Idizning aytishicha, shu kungacha Anqara al-Nusraga boshqacha, G’arbdan farqli yondashib kelayotgan edi.

“Turkiya al-Nusrani Bashar Assad armiyasiga qarshi effektiv kuch, unga imkoniyat berish kerak deb o’ylagan edi. Endi esa G’arbdagi ittifoqchilarning unga bosim qo’yganini, al-Nusra Turkiyaning o’ziga ham tahdid sola boshlayotganini ko’rsa bo’ladi”.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Anqara guruhga yashirin yordam bergan, yarador jangarilar Turkiyada davolangan, guruh a’zolari mamlakat hududini bir necha bor kesib o’tgan.

Turkiyadagi asosiy muxolifat, Respublikachilar xalq partiyasi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasini radikal islomiy guruhni qurollantirayotganlikda ayblagan edi. O’tgan yili politsiya Suriya chegarasi yonida turk razvedkasi xodimlari hamrohligida qurol tashib ketayotgan yuk mashinalarini to’xtatib, katta mashmasha yuzaga kelgan.

Hukumat ayblovlarni butkul inkor etib, yuk Suriyada yashovchi turklarga olib ketilayotganini aytgan. Biroq turk tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, Turkiyaning G’arbdagi ittifoqchilari Anqaraning al-Nusra bilan munosabatidan xavotirga tushgan edi. Endi esa guruh terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritilganidan so’ng Turkiya va G’arb Suriya masalasida kengroq hamkorlik qilishi mumkin.

"Bundan keyin Turkiya va hamkor davlatlar Suriyadagi ayrim isyonchi guruhlarga yordam berish masalasida til topishishi osonlashadi. Chunki Anqara endi sheriklari bilan xavotiri bir ekanini ko’rsatdi", - deydi Ulgen.

Anqaraning bu qarori ketidan fuqarolik urushida qatnashish uchun Suriyaga Turkiya hududi orqali ketayotgan yevropalik jihodchilarni jilovlash ham osonlashadi.

Tahlilchilar nazarida Anqara nafaqat xalqaro bosim, balki al-Nusraning o’z hududida ekanidan ham xavotirga tushib shunday qarorga kelgan. Bu kabi xavotirlar oshar ekan hozir Turkiyaning Suriya bilan 900 kilometrlik chegarasida ayrim uchastkalarda devor ko’tarilmoqda.

Jurnalist Semih Idizning aytishicha, bundan keyin al-Nusra ham turk xavfsizlik kuchlari nishoniga aylanadi.

“Chegara muhofazasi kuchaytiriladi. Turkiya guruhni rasman terrorchi tashkilot deb e’lon qilganidan so’ng xavfsizlik kuchlari yanada hushyor bo’lib, qurollarning chegara orqali olib o’tilishini nazorat qiladi. Shubhasiz, Turkiyaning G’arbdagi ittifoqchilari ham buni yaqindan kuzatadi”, - deydi Idiz.

Turk xavfsizlik kuchlarining radikal islomiy guruhlar iziga tushishda tajribasi katta. O’tmishda al-Qoidaning bir necha yashirin bo’limlari fosh etilgan. Tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, bu ishni tezroq qilish kerak.

“Bundan keyin al-Nusra Turkiyani dushman sifatida ko’ra boshlaydi. Shu kungacha guruh Anqarani Assadga qarshi urushda ittifoqchi deb bilgan edi. Al-Nusraning Turkiya tomonida qolgan jangarilari endi turk obyektlari va nishonlariga hujum qilishi mumkin degan xavotir bor”, - deydi Ulgen.

Turkiya matbuotidagi xabarlarga ko’ra, al-Nusra tayyorlagan bir necha xudkush bombachi hozir Turkiyada Suriya muxolifati vakillariga qarshi hujum rejalamoqda.

2003-yilda al-Qoida jangarilari Istanbulda bir necha xuruj uyushtirgan. Turk xavfsizlik kuchlari yangi hujumlarning oldini olish uchun qattiqroq harakat qilishiga to’g’ri keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG