Turkiyada Ramazon oyi hukumatga qarshi noroziliklar uchun o’ziga xos imkoniyat yaratmoqda. “Kapitalizmga qarshi musulmonlar” nomli guruh o’z e’tirozlarini bildirish uchun har kuni jamoat joylarida tashkil etiladigan iftorlikdan foydalanmoqda. Behzod Muhammadiy shu haqda xabar beradi.
Namoyishchilar Ramazon oyida hukumatga qarshi kurashishning yangi strategiyasini qo’llamoqda. Ular jamoat iftorlari tashkil etib, odamlarni namoyishga da’vat etmoqda.
Namoyishchilar Ramazon oyida hukumatga qarshi kurashishning yangi strategiyasini qo’llamoqda. Ular jamoat iftorlari tashkil etib, odamlarni namoyishga da’vat etmoqda.
Bir necha yuz metr narida esa yaqinda zo’ravon namoyishlarga guvoh bo’lgan Gezi parki joylashgan.
Bunday yig’inlar biz uchun katta ahamiyatga ega, deydi shu yerga yig’ilgan musulmonlardan biri.
“Odamlarning aytadigan gaplari bor, davlatdan norozilar ko’p. Hukumatning bunday bosimiga ortiq chidab bo’lmaydi. Turli qatlam, toifa va fikrdagi odamlar bir joyga yig’iladigan iftor tadbirlari bunday zug’umga qarshi birlashishning eng yaxshi yo’li”, - deydi o’z nomini aytishni istamagan yigit.
Norozilik iftorlari “Kapitalizmga qarshi musulmonlar” nomli guruh tomonidan tashkil etilmoqda. Guruh rahbari Ihsan Eliachik amaldagi hukumatni turklar orasida bo’linish paydo qilayotganlikda ayblaydi.
Uning aytishicha, bosh vazirning namoyishchilarni dinga qarshi deb ayblashi noto’g’ri. Biz aslida dinni himoya qilyapmiz, deydi u. Yagona bo’linish hukumatdagilardan manfaat ko’rayotganlar va manfaat ko’rmayotganlar o’rtasida, deydi Eliachik.
“Kapitalizmga qarshi musulmonlar” guruhining da’vo qilishicha, amaldagi “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi tobora avtoritarlashib, partiya a’zolari haddan ziyod boyib ketmoqda.
Guruh a’zolari hukumat tarafdorlari va vazirlari uchun tashkil etilgan hamda hashamatli mehmonxonalarda o’tadigan iftorlarni keskin qoralaydi.
“Ekstremizmsiz Islom” kitobi muallifi Mustafo Oqyo’lning aytishicha, bu guruh hukumatdagi islomchilar hamda dunyoviy muxolifatga muqobil bo’lgan uchinchi bir toifadir.
“Dinni tushunish bo’yicha ular tutgan yo’l Lotin Amerikasidagi ozodlik aqidasiga o’xshab ketadi. Ular safi katta emas, tarafdorlari kam. Ularning kattaroq siyosiy kuchga aylanishiga ishonmayman. Ammo ular bahsga o’ziga xos rang bermoqda. Siyosiy kurash bir xil toifalardan iborat emas, balki bu yerda rang-barang qatlamlar ham borligini eslatayotganlaridan mamnunman”, - deydi islomshunos Oqyo’l.
O’tgan 10 yilda iqtisodiy o’sish rekord darajani qayd etganiga qaramay, hukumat statistikasiga ko’ra, boy va kambag’allar o’rtasidagi farq tobora kengayib bormoqda.
Siyosiy tahlilchi Yuksel Taskinga ko’ra, “Kapitalizmga qarshi musulmonlar” harakatining din va ijtimoiy adolatni birga talab qilishi kop’chilikda qiziqish uyg’otishi tabiiy.
“Ular “AK” partiyasining islom nomidan gapirishiga to’g’ridan to’g’ri qarshi chiqishmoqda. Yoshlar orasida ularning tarafdorlari ko’p. Dastlab, universitetlarda tomir yozib, so’ng jamiyatning boshqa qatlamlariga kirib borishlari mumkin. Turkiyada, odatda, shunday bo’ladi. Iqtisodiyot to’rt barobar kattalashdi. Ammo oddiy do’kondorlar bundan hech qanday foyda ko’rmadi. Shu bois ijtimoiy islomga qiziqish oshmoqda. Turkiyada odamlar juda dindor, shuning uchun din va ijtimoiy adolat birga qo’yilsa, bu ularga yoqadi”, - deydi tahlilchi.
Joriy yilda Turkiya iqtisodiyotining o’sishi sekinlashdi. O’z navbatida ishsizlar soni ham oshmoqda. Ana shunday sharoitda va saylovlar arafasida norozi musulmonlar guruhining paydo bo’lishi Erdog’an partiyasi uchun boshog’riq bo’lishi turgan gap.