Breaking News

Sud jarayonlari Turkiya harbiy qudratiga putur yetkazdi


Turkiya
Turkiya
Turkiyada yuzlab yuqori unvonli harbiylarning qamalgani NATO a’zolari orasida qo’shinlari soni bo’yicha ikkinchi yirik davlat armiyasiga jiddiy zarba bo’ldi. Ko’plab ofitserlar iste’fo bermoqda. Sud jarayonining mintaqada vaziyat beqaror bir paytda bo’lgani ayrimlar nazarida qurolli kuchlar salohiyati va ruhiyatiga salbiy ta’sir qildi.

Dushanba kuni Istanbul yaqinidagi sud 19 kishi, jumladan Qurolli kuchlar bosh shtabi sobiq rahbari va iste’fodagi bir necha generalni hukumatni to’ntarish harakatida aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosi berdi. Yana o’nlab harbiylar uzoq muddatga qamaldi.

Bu Turkiyaga 1923-yilda respublika sifatida asos solinganidan beri eng yirik sud jarayonidir.

“Hurriyet” gazetasi jurnalisti, sobiq harbiy uchuvchi Metexan Demirning aytishicha, bu ishning shunday qaltis bir vaziyatga to’g’ri kelgani turk armiyasini qiyin ahvolga solib qo’yishi mumkin.

"Qurolli kuchlar to’rt yulduzli qo’mondon generallarga muhtoj. Ayrim vazifalarni ular bajarishi kerak, ammo hozir bu lavozimlarda uch, va, hatto, ikki yulduzli generallar ishlayapti, chunki armiya generallarining aksariyati qamoqda yoki sud qilinyapti. Turkiyaning esa Eron va Suriya bilan jiddiy muammolari bor", - deydi Demir.

Turkiya armiyasi bo’yicha mutaxassis Garet Jenkinsning aytishicha, mamlakatda harbiylar bezovta bo’lmoqda.

"Ozodlikdagi ofitserlar xavfsiramoqda, bir-biridan shubhalanmoqda. Bu esa umumiy muhitga salbiy ta’sir qilmoqda. Ular trening seminarlarida qatnashishdan ham qo’rqib qolgan, chunki bir-ikki oy o’tgach, seminarda qatnashganlar orasida davlat to’ntarishini rejalaganlar borligi aniqlanishi mumkin. Ko’p harbiylar iste’foga ertaroq chiqishga shoshilmoqda", - deydi Jenkins.

Turkiya matbuotiga ko’ra, joriy yilda qiruvchi samolyotlarni boshqaruvchi yuzga yaqin pilot iste’foga chiqdi, jumladan bir aviatsiya generali. O’tgan yili ham tergov sabab ko’plab yuqori unvonli harbiylar ishdan ketdi.

Shunga qaramay bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an Qurolli kuchlar bosh shtabi sobiq rahbari Ilker Boshbug’ning terror tashkilotini boshqarish ayblovi bilan hibsga olinganini qoraladi.

Jurnalist Metexan Demirga ko’ra, Erdog’an bekorga sud qaroridan afsuslanayotgani yo’q.

"U buncha ko’p generallarning qamalishini istamagan edi. Hukumatga kuchli armiya kerak, shundagina mamlakat atrofidagi dushmanlar undan hayiqadi", - deydi Demir.

Bosh vazir o’rinbosari Bulent Arinchga ko’ra, sud jarayoni hali tugamagan, chunki Oliy sud o’z so’zini aytgani yo’q hali.

Kuzatuvchilarning aytishicha, hukumatning hozirgi harbiy qo’mondonlar bilan munosabatlari yaxshilanmoqda. Qurolli kuchlarni qayta qurishda bu juda muhim, deydi Demir.

"Qo’mondonlik va hukumat o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Uni yaxshilashga bir oz vaqt ketadi", - deydi jurnalist.

Tahlilchilarga ko’ra, Suriyada vaziyat izdan chiqishda davom etar ekan, Turkiya hukumati va harbiylari mustahkam amaliy munosabatlarni o’rnatishga intilib, tergov va sud jarayoni oqibatida qurolli kuchlarga yetgan zarar asoratlarini birgalikda bartaraf etishga harakat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG