Breaking News

Turkiyada harbiylar hukumatni ag'darishga uringani xabar qilinmoqda


Anqara, Turiya
Anqara, Turiya

15-iyul kuni Turkiyada davlat to'ntarishini amalga oshirishga urinish ro'y bergan. Mamlakat harbiylari hokimiyatni to'liq nazoratlari ostida olgani haqida bayonot chiqardi.

Bir qator hukumat rasmiylari harbiylar tomonidan garovga olingan. "Anadoli" davlat axborot agentligi xabariga ko'ra, ular orasida armiya bosh shtabi qo'mondoni ham bor.

"General Hulusi Akar qo'zg'olon qilishga uringan bir guruh harbiylar tomonidan garovga olindi", deya xabar qiladi agentlik.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an "CNN Turk"ka telefon orqali intervyu berib, harbiylarning rahbariyatga bo'ysunmagan bir guruhi "parallel hukumat" bilan til biriktirib hukumatni ag'darishga uringanini aytdi. U xalqni ko'chaga chiqishga undadi.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirimning aytishicha, mamlakat harbiylarining bir qismi hukumatni ag'darish uchun "noqonuniy harakat"ga qo'l urgan. U bu haqda xususiy telekanallardan biriga gapirgan.

"Bu davlat to'ntarishimi?" deb so'ralgan savolga u, "To'g'ri, shunga harakat bor", deb javob bergan.

"Ayrim odamlar buyruqdan tashqari ish tutgan, - dedi Yildirim NTV telekanali orqali qilgan murojaatida. - Xalq saylagan hukumat iqtidorda qoladi. Hukumat faqat odamlar shuni xohlagandagina hokimiyatdan ketadi".

Turkiya "demokratiyaga halaqat beradigan tashabbuslar"ning sodir bo'lishiga ruxsat bermaydi va bunga qo'l urganlar qattiq jazolanadi, dedi Turkiya bosh vaziri.

Turkiyaning Istanbul shahriga kirish va chiqish ko'priklari yopilgan, bu haqda biror rasmiy izoh berilgani yo'q.

Mahalliy telekanallarda ko'rsatilgan tasvirlarga ko'ra, Istanbulning asosiy aeroporti atrofiga tanklar joylashtirilgan. Aeroportdan uchadigan barcha reyslar bekor qilingani aytilmoqda.

Poytaxt Anqara ustidan harbiy samolyotlar uchayotgani va otishma ovozi eshitilgani ham xabar qilinmoqda.

O'z nomini ochiqlamagan bir rasmiyning aytishicha, Turkiyaning boshqa shaharlarida ham harbiylar harakatga keltirilgan, ammo qaysi shaharlar ekani ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG