Breaking News

Turkiyada karantinning erta yumshatilishi oqibatlari


Turkiya pandemiyadan zarar ko’rgan turizm sektorini jonlantirish maqsadida karantinni yumshatishga qaror qildi. Bu esa o’z nabvatida virus yuqtirish hollarining ko’payishiga olib keldi.

“Olingan ma’lumotlarga asoslanib gapiradigan bo’lsak, ko’plab viloyatlarda virus yuqtirish sur’ati kuchaygan. Urfa shahrida kuniga 300 odamda virus aniqlanmoqda, Diyorbakirda 350 ta, Antepda 300 ta”, - deydi Turkiya Tibbiy uyushmasi raisi Sinan Adiyaman.

Biroq Sog’liqni saqlash vazirligi mamlakat bo’ylab kuniga mingdan sal ko’proq raqamlar bermoqda.

Niqob taqish yana majburiy bo’lgan, politsiya ushbu qoida ijrosini nazorat qilmoqda, maktablarni ochish bir oyga kechiktiriladigan bo’ldi. Ayrim shifokorlar karantinni erta yumshatish qimmatga tushishi haqida ogohlantirgan edi.

“Odamlar Istanbuldan boshqa viloyatlarga qatnay boshlashi bilan infeksiya sur’ati oshdi. Shunday bo’lishini ko’plar kutgan edi. Bu muammoni tibbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmaydi. Ehtiyot choralariga rioya qilish juda muhim”, - deydi Sultong’ozi Hasaki kasalxonasi bosh shifokori Mehmet Mesut Sonmas.

Turizmni jonlantirish uchun ba’zilar karantinni butunlay bekor qilish kerak, deydi. Buning uchun sayyohlik maskanlari, do’konlar, restoranlarni ochish lozim.

“Iqtisodiy inqiroz xavotiri COVID xavotiridan kuchliroqdir. Salomatlikka e’tibor beryapmiz, albatta, ishda barcha ehtiyot choralari ko’rilmoqda. Ammo hozir virus yuqtirishdan ko’ra oilani qanday boqish odamni ko’proq tashvishga solyapti”, - deydi bir do’kon egasi.

Turkiyada sayyohlik aholi uchun nafaqat ish manbai, balki davlat uchun daromad manbai hamdir.

Lira qiymati tushishda, mamlakat valyuta zaxiralari esa kamayishda davom etarkan, xorijiy sarmoyadorlar xavotiri kuchaymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG