Turkiyada koronavirusdan o’lim darajasi Yevropa mamlakatlari orasida eng past nuqtada, ammo mahalliy shifokorlar bo’shashmaslikka chaqirmoqda.
Istanbuldagi Sultong’ozi Hasaki kasalxonasi shifokori Mehmet Mesut So’nmas koronavirusga qarshi kurash faxriylaridan bo’lib, 20 ming bemor shu kasalxonada davolandi. Uning aytishicha, bemorlarni boshlang’ich bosqichda davolash o’z samarasini berdi.
“Kasalni reanimatsiyaga tushmasidan oldin davolash kerak. Muolajani acha oldin boshlab, bemorga yaxshi qarash lozim”, - deydi shifokor.
Mamlakatda yangi koronavirus kasallari soni tushib borarkan, tibbiy xodimlar yengil tortmoqda.
“Bu urushda g’olib bizmiz. Hozircha 1-0, bizning foydamizga. Virus yuqtirish sur’atining tushgani yaxshi bo’ldi, nafasni rostlashga imkon bor”, - deydi reanimatsiya bo’limida bosh hamshira Merve Oltinqoya.
Sultong’ozi kasalxonasi davlat tasarrufida bo’lib, hukumatning sog’liqni saqlash tizimini yaxshilash dasturi doirasida yaqinda qurilgan.
Mamlakatda xususiy kasalxonalar ham ko’paygan. Pandemiya paytida kasallik o’chog’i bo’lgan Istanbulda tibbiy markazlar bir maromda ishladi. Shifokorlarga virusga qarshi kurash usulini tanlashda erkinlik berilgan.
Turkiyada o’lim hollarining past bo’lishiga yana bir omil shuki, yoshlar orasida og’ir kasallar ko’p bo’lmadi. Bundan tashqari, G’arb davlatlaridan farqli o’laroq, Turkiyada qariyalar uyida yashovchi odamlar ko’p emas.
Biroq bu bosqichda hushyorlikni yo’qotmaslik muhim. Karantin yumshab, koronavirusga testlar ko’payar ekan, virus yuqtirish hollari ikki baravar oshdi.
“Yoz kelib, hamma dam olishga chiqadi, odamlar ehtiyot choralarini unutadi. Bu juda xavfli. Vaksina va koronavirusga qarshi dori ishlab chiqilmaguncha yoki virus shakli o’zgarmaguncha, u hayotimizdan ketmaydi. Optimistik vaziyatni umidsizlikka aylantirmaslik o’zimizga bog’liq”, - deydi doktor So’nmas.
Shifokorlar koronavirusga qarshi jangda g’alaba qozonmoqda, ammo COVID-19 ga qarshi urush hali tugamaganini yaxshi bilishadi.
Facebook Forum