Dunyo bo’ylab tibbiy maskalar va dezinfeksiyalash vositalari yetishmas ekan, Turkiyadagi ba’zi bilim-yurt o’quvchilari yeng shimarib, o’zlari niqoblar va dezinfeksiyalash vositalarini tayyorlamoqda.
Ayrim do’konlar egalari kamomaddan foydalanib, bu narsalar narxlarini ko’tarib yuborgan.
Turkiya janubi-sharqidagi Diyorbakir shahrida ta’lim olayotgan o’quvchilar bilim-yurt laboratoriyasida koronavirusga qarshi kurashga o’z hissasini qo’shmoqda.
Maskan direktori Sezay Go’chmenning aytishicha, odatda talabalar 24 xil tozalash vositalarini ishlab chiqaradi, ammo koronavirus Turkiyada paydo bo’lganidan beri faqat dezinfeksiyalash vositalarini tayyorlash bilan band.
“Inqiroz sabab boshqa tozalash agentlarini ishlab chiqarishni chetga surib qoyib, dezinfeksiyalash vositalariga o’tganmiz. Hozir 51 ta o’quvchi va 8 ta o’qituvchi ikki smenada ishlayapti. Mahsulotlarimiz mahalliy idoralar talablariga javob beradi”, - deydi u.
Diyorbakirdan 300 kilometr g’arbda joylashgan Gaziantep shahridagi bilim-yurt o’quvchilari esa yana bir zarur jihoz – maskalarni tayyorlamoqda.
“Asosan moda dizayni sinfi o’quvchilari bu ishga jalb qilingan. Direktor, uning o’rinbosari va fakultet mudiri tepamizda turishibdi”, - deydi Melis Kasut ismli talaba.
“Ikki kunda ishlab chiqarish tizimini ishga tushirib, qo’lbola maskalar tayyorlashni boshladik. O’quvchilar, ota-onalar, biologiya fani o’qituvchilari yordam beryapti. Boshida besh o’quvchi va bir o’qituvchi ishlardi, ammo keyin boshqalar ham qo’shildi”, - deydi maktab direktori Mehmet Kar.
Ayni paytda bu yerda kuniga 500-600 ta maska tayyorlanmoqda. Ko’ngillilar soni oshgani sari samaradorlikning ham oshishi kutilmoqda.
Facebook Forum