4-sentabr kuni Misr prezidenti so’nggi 12 yilda ilk bor Turkiyaga tashrif buyurdi. Anqara aeroportida uni Prezident Rajab Toyib Erdog’an kutib oldi.
2013-yilda o’sha paytda armiyani boshqargan Abdul Fattoh Sissiy Prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan olib qamoqqa tashlaganidan so’ng Turkiya-Misr aloqalariga sovuqlik tushdi.
Erdog’an Mursiy va uning “Musulmon birodarlar” partiyasini qo’llab-quvvatlagan, uning hokimiyatdan ag’darilishini shaxsiy hujum deb ko’rgan.
So’nggi yillarda ikki davlat munosabatlarini tiklashga zo’r berdi. Shu yil fevralida Erdog’an Qohiraga bordi.
“Sissiyning tashrifi ikki davlat o’rtasida tijoriy, siyosiy va harbiy aloqalarda yangi davrning boshlanishiga turtki berishi mumkin. Ikki rahbar Yaqin Sharqdagi qonli mojaroga barham berish, XAMAS va Isroil armiyasi o’rtasidagi ziddiyatlarni yumshatish yo’llari xususida gaplashadi”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Tahlilchilarga ko’ra, Isroilning G’azodagi urushi Turkiya-Misr aloqalarini tiklashga qo’shimcha turtki berdi. Misr va Qatar ayni paytda G’azoda otashkesim bo’lishi uchun muzokaralarda vositachi rolini bajarishmoqda.
Ushbu jarayonda Turkiya ham qatnashishni istar edi, biroq Erdog’anning Isroil va shaxsan Bosh vazir Benyamin Netanyaxuga og’zaki hujumlari hamda Isroil bilan savdoning to’xtatilishi Anqarani bunday imkoniyatdan mahrum qildi.
Sissiyning Turkiyaga tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarni tiklashga ham yordam berishi aytilmoqda.
Ikki davlat delegatsiyalari o’rtasidagi muloqot yakunida turli sohada 17 ta shartnoma, Turkiya va Misr o’rtasida Strategik hamkorlik bo’yicha oliy darajadagi kengashning birinchi majlisi yakuni bo’yicha qo’shma bayonot imzolandi.
Matbuot anjumanida Erdog’an ikki davlat kelasi 5 yilda savdo aylanmasini 15 milliard dollarga yetkazishga harakati qilishini, Sissiy bilan Suriya, Liviya, Sudan, G’azodagi vaziyat yuzasidan gaplashganini bildirdi.