Breaking News

Parlament saylovlari ketidan Turkiya tashqi siyosati keskin o'zgarishi mumkin


An African migrant reacts as he arrives at the CETI, the short-stay immigrant center, after crossing the border from Morocco to Spain's North African enclave of Ceuta, Spain.
An African migrant reacts as he arrives at the CETI, the short-stay immigrant center, after crossing the border from Morocco to Spain's North African enclave of Ceuta, Spain.

Turkiyada o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 7-iyunga belgilangan saylovlardan so'ng parlamentda ko'pchilik o'rinlarni boy berishi mumkin. Tahlilchilar qo'shni Suriyaga doir siyosat o'zgarishini bashorat qilmoqda.

Turkiyada bir partiyaning 14 yillik yakkaxon hukmronligi nihoyasiga yetishi bilan mamlakat tashqi siyosati ham keskin o'zgarishi mumkin, deya fikr bildiradi "Milliyet" gazetasi sharhlovchisi Qadri Gursel.

"Turkiya tashqi siyosati oldingi holatiga qaytadi. Uni endi yolg'iz bir kishi yuritmaydi, unda kutilmagan holatlar ham kuzatilmaydi, dunyoviy tashqi siyosat bo'ladi. O'ylaymanki, qo'shni davlatlar bilan tinch va do'stona aloqalar o'rnatiladi", - deydi Gursel.

Barcha muxolif partiyalar "Adolat va taraqqiyot" partiyasini Saudiya Arabistoni va Qatar bilan aloqalarni kuchaytirib, mintaqada sunniylarga xayrixoh siyosatni oshirayotganlikda ayblab keladi. Hukumat bu da'volarni inkor etadi.

Bryusseldagi Karnegi institutidan turk tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, agar saylovlardan so'ng koalitsion hukumat vujudga kelsa, Anqaraning Suriya siyosati jiddiy ravishda o'zgarishi mumkin.

"Saylovdan so'ng Turkiyaning Suriyaga doir siyosatiga tuzatish kiritilishi aniq. Suriyadagi muxolif guruhlar bilan ham muloqot bir oz kamayadi", - deydi Ulgen.

Turkiya hukumati Suriya Prezidenti Bashar Assadni hokimiyatdan ag'darishni o'ziga maqsad qilib, unga qarshi kurashayotgan isyonchilarni faol ravishda qo'llab-quvvatlab keladi. Turkiyadagi muxolif partiyalar bunday siyosatni tanqid qilib, hukumatni Suriya mojarosini alanga oldirayotganlikda ayblaydi. Ularga ko'ra, bu siyosat natijasida hozir Turkiyada salkam ikki million suriyalik qochqin bor.

Muxolif siyosatchilar Suriyadagi radikal islomiy guruhlarning Turkiyaga tahdid solishi hamda mamlakatdan tranzit sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotirda. Agar "Adolat va taraqqiyot" partiyasi saylovlarda aksariyat ovozlarni to'play olmasa va koalitsiyaga ehtiyoj tug'ilsa, hamkor partiya undan hozirgi siyosatini o'zgartirishni so'rashi mumkin, deydi Gursel.

"Koalitsion hukumat bo'lsa, Turkiyaning al-Qoidaga aloqador guruhlarga madad berishiga chek qo'yiladi - "Islomiy davlat"ga yordam to'xtatiladi, chegara xavfsizligi kuchaytiriladi, Suriya mojarosiga mafkuraviy yondashilmaydi, mazhabiy siyosatga chek qo'yiladi", - deydi Qadri Gursel.

Erdog'anning partiyasi "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlashini inkor etib keladi, biroq boshqa islomiy guruhlarga madad berishda Riyod va Doxa bilan hamkorlik kuchayganini tasdiqlaydi.

Aynan shu davlatlar yordami tufayli, deydi tahlilchilar, Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar so'nggi paytda ayrim yutuqlarga erishdi. Suriya bilan 900 kilometrlik chegaraga ega Turkiya Suriya shimolidagi isyonchilarga yordam yetkazishda yagona ta'minot nuqtasidir.

Turkiyadagi asosiy muxolifat - Respublikachilar xalq partiyasining raisi Kamol Qilichdoro'g'li saylovda g'alaba qozonsa, Turkiya-Suriya chegarasini yopishga va'da berdi.

Tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, agar "Adolat va taraqqiyot" partiyasi kurdlarga xayrixoh Xalq demokratik partiyasi bilan koalitsion hukumat tuzsa, kurd muammosini hal etishga kattaroq urg'u beriladi.

"Bu esa Iroqdagi kurdlar bilan aloqalarning yaxshilanishiga olib keladi. Agar hukumatni tuzishda respublikachilar bilan hamkorlik qilinsa, aksincha, kurd masalasining hal bo'lishiga umid qilmaslik kerak. Turkiya millatchi siyosatini kuchaytirib, tashqi siyosatda sust harakat qilishi mumkin", - deydi ekspert.

Hukmron partiyaning Iroq Kurdistoni bilan aloqalarining chuqurlashayotgani ayrim kuzatuvchilar nazarida Turkiya tashqi siyosatidagi muhim yutuqlardan. Iroq Kurdistoni Turkiyaning ikkinchi eng yirik savdo hamkori.

Hukumatning "Kurdiston ishchilar partiyasi" jangari guruhi bilan tinchlikka qaratilgan harakatlari hozircha samara bermayotgan bo'lsa-da, har holda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikka hissa qo'shayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG