Tahlilchilar fikricha, Turkiyadagi saylovlarda hukmron partiya g’alabasi mintaqada “Islomiy davlat" (ID) jangari guruhiga qarshi kurashni jadallashtirish imkonini beradi.
“Vashington bilsinki, Anqarada uning hamkori bor", - deydi AQSh-Turkiya munosabatlari bo’yicha mutaxassis Soner Chagaptay.
Ammo ikki davlatning Suriyadagi maqsadlari to’qnash kelishi mumkin. Saylov arafasida Anqarada ro'y bergan portlashda 102 odam nobud bo’lgan edi. Hukumat, deydi tanqidchilar, IDga qarshi kurashda yetarlicha chora ko'rmayapti.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an terror xurujida islomchilar, kurd jangarilari hamda Suriya razvedka xizmatini aybladi.
Saylovdagi g’alaba ketidan ko'plar Erdog’an qaysi guruhlarga qarshi kurashni kuchaytiradi - kurd bo'lginchilarimi yoki Turkiya va Suriyadagi ekstremistlar - deya savol bermoqda.
Sobiq diplomat, Istanbuldagi Iqtisod va tashqi siyosat tadqiqot markazi rahbari Sinan Ulgen Turkiya bundan buyon pragmatik siyosat olib boradi, degan fikrda.
“Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) tashqi siyosatga realistik yondasha boshlashi mumkin. Ilgarigi siyosat mamlakatni jahon hamjamiyatidan ajratib qo'ygan edi”, - deydi u.
Avvaliga Turkiya ID va uning bosqinlariga izoh bermadi, chunki bu guruh Suriya Prezidenti Bashar al-Assadni hokimiyatdan quvadi, deb umid qilgan edi, deydi tahlilchilar.
Biroq xunrezlik va vahshiylik ko'lami oshgan sari Anqara koalitsiyaga qo'shildi, IDga qarshi kurashayotgan davlatlarga aviabazasidan foydalanishga ruxsat berdi.
Siyosatshunos Alan Makovski fikricha, bunday hamkorlik davom etadi, biroq Vashington va Anqaraning Suriyadagi maqsadlari har xil ekani ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.
Qo'shma Shtatlar IDga qarshi olishayotgan kurd va arab jangchilarini qo'llab-quvvatlaydi. Turkiyaning asosiy maqsadi esa Assadni hokimiyatdan ketkazish.
“Turkiya Assadning hokimiyatdan ketishini xohlaydi. AQSh esa IDni yo’q qilmoqchi”, - deydi Makovski.
Erdog’an, deydi u, Suriyada rejim o’zgarishi uchun AQSh bilan birlashishga, koalitsiyaga ko'mak berishga qarshi emas.
Terrorizm masalalari bo'yicha mutaxassis Yona Aleksandrga ko'ra, Turkiya IDga qarshi kurashda sustkashlikda tanqid qilingan bo'lsa-da, ekstremistlarga maxfiy tarzda yordam bergani haqidagi gaplar asossiz.
AKPning saylovdagi g’alabasi mamlakat ichidagi kelishmovchiliklarni bir tomonga surib qo’yadi. Anqara IDga qarshi kurashayotgan koalitsiyaning faol a’zosi bo’lishi aniq, deydi suhbatdoshlar. Chunki Turkiyaga ham barqarorlik va xavfsizlik kerak.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ekspertlar AQShning Suriyadagi maqsadlari mujmal ekaniga ham e'tibor qaratadi. Strategiya aniq belgilab olinmaguncha mojaro davom etishini kutish mumkin, deydi ular.